O‘zbekistonda Sukuba universiteti hamkorligida yangi OTM tashkil etiladi

O‘zbekistonda Sukuba universiteti hamkorligida yangi OTM tashkil etiladi

Bugun, 20-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Tokioga rasmiy tashrifi doirasida Yaponiya taʼlim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vaziri Matsumoto Yoxey, Yaponiya fanni ilgari surish jamiyati prezidenti Sugino Suyosi hamda Yaponiyaning Sukuba, Nagoya, Tottori universitetlari, Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiyalar universiteti, Nagoya iqtisodiyot universiteti kabi yetakchi oliy taʼlim muassasalarining rahbarlari bilan uchrashdi.

 

Oʻzbekiston Prezidenti Yaponiya “iqtisodiy moʻjizasi”ning asosini tashkil etuvchi taʼlim, fan va inson kapitalini rivojlantirishga investitsiyalar Oʻzbekiston – Yaponiya hamkorligining strategik yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidlagan.

 

Mamlakat koʻplab atoqli olimlarni, xususan, fizika, kimyo va tibbiyot sohalarida Nobel mukofoti sovrindorlarini yetishtirib chiqargan.

 

Bugungi kunda 2,8 mingdan ortiq oʻzbekistonlik talaba Yaponiyaning yetakchi taʼlim muassasalarida tahsil olmoqda. Birgina JDS stipendiya dasturi boʻyicha 440 dan ziyod davlat xizmatchilari Yaponiyada oʻqitilgan.

 

Rektorlar forumi oʻzaro aloqalar uchun samarali maydonga aylandi. Oktabr oyida Samarqandda ikki mamlakatning qariyb 50 ta universiteti rektorlari ishtirok etgan beshinchi forum muvaffaqiyatli oʻtkazilgan.

 

Bugungi uchrashuvda qatnashgan Yaponiya universitetlari mamlakatimiz uchun eng dolzarb boʻlgan sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar, qishloq va suv xoʻjaligi, “yashil” energiya va barqaror rivojlanish, seysmologiya va “aqlli shahar” texnologiyalari kabi sohalar boʻyicha mustahkam ilmiy-tadqiqot infratuzilmasiga va yuqori ilmiy hamda pedagogik salohiyatga ega ekanligi taʼkidlangan.

 

Ushbu yoʻnalishlar boʻyicha Oʻzbekiston universitetlari bilan yaqin hamkorlik boshlangan. Kuni kecha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha qizgʻin muzokaralar boʻlib oʻtdi va yangi kelishuvlarga erishildi.

 

Hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun taʼlim va fan boʻyicha qoʻshma komissiya, innovatsiyalar boʻyicha konsorsium tashkil etish, flagman loyihalar, shu jumladan o‘quv jarayoniga SIni joriy etish loyihalarini amalga oshirish hamda muhandislik mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv dasturini ishga tushirish taklif qilindi.

 

Tadbir doirasida oliy taʼlim sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim, Sukuba universiteti bilan birgalikda Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasasini tashkil etish toʻgʻrisidagi memorandum hamda ilmiy hamkorlik va kadrlar tayyorlash sohalarida bir qator boshqa hujjatlar imzolandi.

 

Erishilgan kelishuvlarni tizimli va oʻz vaqtida amalga oshirishni taʼminlash uchun “yoʻl xaritasi” qabul qilinadi.