Darsda faol bo‘lgan o‘quvchilar bir hafta o‘tib, oddiy savollarga javob topolmasligi ko‘plab o‘qituvchilar uchun tanish hodisadir. Bu hodisa o‘qituvchining xatosi emas, balki inson miyasi faoliyatining tabiiy natijasidir. Uni psixologiyada “The Forgetting Curve” (unutish egri chizig‘i) deb atashadi.
Mazkur tushuncha nemis psixologi Germann Ebbinghaus tomonidan ilgari surilgan. U inson yangi ma’lumotni o‘rganganidan keyin vaqt o‘tishi bilan uni tez unutishi va agar ma’lumotni qayta ko‘rib chiqmasak yoki mustahkamlab qo‘ymasak, katta qismi tezda xotiradan chiqib ketishini bildiradi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, yangi o‘rgangan ma’lumotning:
— 50% bir soat ichida,
— 75% keyingi kun,
— 90% esa bir hafta ichida unutiladi.
Biroq, ma’lumotni qayta tiklash va amaliyot bilan mustahkamlash orqali bu jarayonni yaxshilash mumkin. Quyida o‘quvchilarga eslab qolishga yordam beradigan uchta samarali usul keltirilgan:
1. Brain Dump (Darhol eslab qolish)
O‘qituvchi darsdan so‘ng “Daftarlaringizni yoping, hech qanday eslatmasiz, bu darsdan nimani eslab qoldingiz, yozing”, deb topshiriq beradi. O‘quvchilar 2–4 daqiqa ichida eslab qolgan tushuncha, misol, asosiy g‘oya yoki bog‘lovchi fikrlarni yozadilar.
Bu usul o‘quvchilarda mustaqil fikrlash ko’nikmasini oshirib, o‘rganganini o‘z tili bilan ifodalashni rag‘batlantiradi. Bundan tashqari, o‘qituvchi ham o‘quvchining mavzuni qanday tushunganini bilib oladi va zarur bo‘lsa, izoh beradi yoki to‘g‘rilaydi.
2. Living Wall (Shaxsiy refleksiya)
Buning uchun sinfda ajratilgan maxsus joyga o‘quvchilar qog‘ozlarga quyidagi savollarga javoblarini yozib yopishtiradilar:
— Bugun nimadan hayratlandim?
— Bu mavzuni hayotimda qayerda qo‘llay olaman?
— Oldingi bilimlarim bilan qanday bog‘lanadi?
O‘qituvchi ushbu devor bilan ishlash uchun haftadan biror kunni tanlab, vaqt ajratadi: eski yozuvlarni o‘qish, yangi yozuvlar qo‘shish, qo’shimcha yozuvlar yozish, guruhlarga ajratish va boshqalar. Vaqt o‘tgan sayin o‘quvchilar o‘zlari yozganlari orasidagi bog‘liqliklarni topishga o‘rganadilar. Bu esa ularning mustaqil fikrlash qobiliyatini mustahkamlaydi.
3. Immediate Use (Darhol qo‘llash)
Darsda yangi tushuncha o‘rgatilganidan so‘ng, o‘qituvchi o‘quvchilarga shu bilim asosida kichik vazifa beradi. Ikki jumladan iborat hikoya yozish, karikatura chizish, yoki ijtimoiy tarmoqda post matnini yozish va boshqalar. Masalan, istehzo mavzusini o‘rgangan o‘quvchi darhol ikki jumlalik istehzoli hikoya yozadi. Yoki xarakteristika mavzusidan so‘ng adabiy qahramon uchun ijtimoiy tarmoqda post matnini tayyorlaydi. Bu orqali bilim xotiraning qisqa muddatli saqlashidan chiqib, uzoq muddatli xotiraga o‘tadi. O‘quvchi nafaqat eslab qoladi, balki bu bilimni real vaziyatda ishlatishga o‘rganadi.
O‘quvchilar unutishi tabiiy holat, ammo ular bilimni qayta tiklash, bog‘lash va qo‘llash orqali o‘rganilgan narsalarni mustahkamlashi mumkin. Ushbu usullar yordamida o‘quvchilar passiv yodlashdan chiqib, o‘z bilimining haqiqiy egasiga aylanadi.
