2025-yil 17-dekabr kuni Adliya vazirligi Kasbiy taʼlim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishda baholash mezonlari boʻyicha indikatorlarni 3726-raqam bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazdi.
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunning 58-moddasiga koʻra, professional (kasbiy) taʼlimni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari va taʼlim dasturlariga muvofiqlik jihatdan kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkaziladi.
Mazkur idoraviy hujjat bilan 7 ta yoʻnalish doirasidagi 37 ta mezon boʻyicha kasbiy taʼlim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishda foydalaniladigan 203 ta indikator belgilanmoqda.
Unga koʻra, 12 ta (5.9 %) majburiy indikatorlar (kutubxonada oʻquvchilar kontingentiga mos oʻquv adabiyotlarining mavjudligi, taʼlim dasturlari va oʻquvchilar kontingentiga mos bino (inshootlar) bilan taʼminlanganlik va b.) hamda 191 ta (94.1 %) umumiy indikatorlar (oʻquv xonalarining nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moslashtirilganligi, pedagog va oʻquvchilarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish choralari koʻrilganligi va b.) mavjud boʻlib, “muvofiq” yoki “muvofiq emas” tarzida baholanadi.
Bunda:
– 50 % gacha indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “muvofiq emas”;
– 50 % dan 60 % gacha indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “qisman muvofiq”;
– 60 % va undan ortiq indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “muvofiq” deb topiladi.
Majburiy indikator “muvofiq emas” deb baholansa, umumiy natijadan qatʼi nazar, mezon “muvofiq emas” deb topiladi.
Avvalroq, muhokamalar portalida ‘‘Kasbiy taʼlim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishda baholash mezonlari boʻyicha indikatorlarni tasdiqlash haqida’’ qaror loyihasi e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.
