Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom 36-bandi mazmuniga muvofiq umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarining Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan beriladigan kamida B+ (avvalgi tizimda 80 ball yoki undan yuqori) darajadagi umumtaʼlim fanini bilish darajasi toʻgʻrisida sertifikatga ega fan oʻqituvchilariga (boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilari bundan mustasno) sertifikatning amal qilish davrida navbatdagi majburiy attestatsiyada mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha bilim darajasini aniqlash hamda oʻquv fani boʻyicha malaka sinovidan maksimal ball beriladi hamda ular ushbu oʻquv fani boʻyicha malaka sinovidan ozod etiladi.
Bunda sertifikatga ega pedagoglar ikkinchi bosqich sinovida ishtirok etishlari majburiy hisoblanadi.
Demak, siz attestatsiyaning mutaxassislik fanidagi testdan ozod boʻlish uchun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan beriladigan sertifikatga ega boʻlishingiz kerak.
Bunda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 4-apreldagi 4-q/q-son va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2024-yil 2-apreldagi 3-mh-son qarori (roʻyxat raqami 3515)ga ilovada xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxati tasdiqlangan.
Ushbu roʻyxatning 4-bobida informatika fanidan quyidagi sertifikatlar belgilangan:
1. Microsoft Certified Educator (MCE) – bu sertifikat uchun eng kam natija umumiy balning 80%*/860 hisoblanadi va mazkur sertifikat xalqarodir.
2.Astrum Certified IT Educator – bu sertifikat uchun eng kam natija umumiy balning 80%*/103 va mazkur sertifikat milliy hisoblanadi.
3.IC3 Digital Literacy Certification** – bu sertifikat uchun eng kam natija 700 va bu sertifikat ham xalqaro sertifikat sanaladi.
Bunda 1ta * qoʻyilgan ballar ushbu qaror kuchga kirgunga qadar olingan sertifikatlar uchun amal qiladi.
Uchinchi sertifikatda esa 2ta * bor. Bu sertifikat yuqoridagi imtiyozni berishi uchun har bir modul boʻyicha (jami 3 ta modul) koʻrsatkich 700 ball yoki undan yuqori boʻlishi lozim.
Demak, siz imtiyozdan (attestatsiyaning test sinovlaridan ozod boʻlish uchun) yuqoridagi sertifikatlardan biri boʻyicha kamida ushbu meʼyorlar boʻyicha olishingiz kerak.
Avvalroq, bahorgi attestatsiya uchun roʻyxatdan oʻtish va murojaat yuborish boshlanishiga oz fursat qolgani haqida xabar bergan edik.
