Malayziya ham kelasi yildan 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi

Malayziya ham kelasi yildan 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi

Malayziya kelgusi yildan boshlab 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirmoqda. Bu orqali mamlakat bolalar xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlar sababli raqamli platformalarga kirishni cheklayotgan davlatlar safiga qo‘shilmoqda.

 

Malaziya Aloqa vaziri Fahmi Fadzil joriy yil 14-dekabr kuni Avstraliya va boshqa davlatlarda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda yosh cheklovlarini joriy etish mexanizmlarini o‘rganayotganini aytdi. U buni kiberbulling, moliyaviy firibgarlik va bolalarga nisbatan onlayn tahdidlardan yoshlarni himoya qilish zarurati bilan izohlagan.

 

“Umid qilamizki, kelgusi yildan boshlab ijtimoiy tarmoq platformalari hukumatning 16 yoshgacha bo‘lganlarga foydalanuvchi akkauntlarini ochishni taqiqlash haqidagi qaroriga rioya qiladi”, — dedi u.

 

Avstraliyada esa kelasi oy 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarga tegishli ijtimoiy tarmoq akkauntlarini o‘chirish rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Daniya va Gretsiya ham yoshni tasdiqlash uchun mo‘ljallangan maxsus ilova shablonini birgalikda sinovdan o‘tkazmoqda.

 

Shu bilan birga, Indoneziya yanvar oyida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uchun minimal yosh belgilashni rejalashtirganini bildirgan, biroq keyinchalik yumshoqroq tartibni joriy etib, texnologik platformalardan salbiy kontentni filtrlash va yoshni aniqlash choralarini kuchaytirishni talab qilgan.

 

Yanvar oyidan kuchga kiradigan yangi tartibga ko‘ra, Malayziyada 8 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega bo‘lgan platformalar va xabar almashish xizmatlari majburiy litsenziya olishi shart.

 

Avvalroq, Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun dunyoda birinchi bo’lib ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagani haqida xabar bergan edik.

 

Shundan so‘ng, Daniya ham yoshlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni keskin cheklashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.