Namangan shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Muhammadmirzo Olimov Shanxay Nyu-York universitetiga toʻliq grant asosida o‘qishga qabul qilindi. U yutgan grant miqdori 290 000 AQSH dollarini tashkil etadi.
Shuningdek, u xalqaro miqyosda tan olingan ingliz tili bilim darajasini baholovchi IELTS imtihonida 8 ball natijani qayd etgan hamda SATdan 1570 ballik natijaga ega.
Ta’kidlash joizki, mazkur oliy o‘quv yurti Nyu-York universitetining (NYU) xalqaro tarmoqlaridan biri bo‘lib, Xitoyning Shanxay shahrida joylashgan. U akademik dasturlarni taqdim etish barobarida talabalar uchun global miqyosda taʼlim olish imkoniyatlarini beradi.
Avvalroq, Nukus shahri 27-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Qurbanova Gozzal AQShning eng nufuzli 3 universitetiga muddatidan oldin o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘lganligi haqida xabar bergan edik.
