TALIS-2024: O‘zbekiston o‘qituvchilarining maktab boshqaruvidagi ishtiroki xalqaro darajadan past

TALIS-2024: O‘zbekiston o‘qituvchilarining maktab boshqaruvidagi ishtiroki xalqaro darajadan past

O‘zbekiston maktablarida o‘qituvchilarning akademik va tashkiliy mustaqillik darajasi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) mamlakatlaridagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada past ekani qayd etildi. Pedagoglarning o‘quv dasturini tanlash va maktab siyosatini belgilashdagi ishtiroki cheklangan.

 

Bu haqda TALIS-2024 xalqaro tadqiqotining O‘zbekiston bo‘yicha hisobotida keltirilgan tahlillarda so‘z boradi.

 

Akademik mustaqillik ko‘rsatkichlari

 

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘qituvchilarining o‘quv jarayonidagi mustaqilligi (instructional autonomy) rivojlangan davlatlarga nisbatan pastroq.

 

Tahliliy diagrammada ko‘rsatilishicha, pedagoglar quyidagi masalalarni hal qilishda kam ishtirok etadi yoki ularning vakolati xalqaro me’yordan past:

 

– o‘quv materiallarini tanlash;

 

– kurs mazmunini belgilash;

 

– maktabda qaysi fanlar yoki kurslar o‘qitilishini hal qilish;

 

– raqamli resurslardan foydalanish tartibini belgilash.

 

Faqatgina o‘quvchilarni baholash faoliyatini tanlash va o‘qitish metodlarini belgilash bo‘yicha ko‘rsatkichlar nisbatan yuqori baholangan.

 

TALIS-2024: O‘zbekiston o‘qituvchilarining maktab boshqaruvidagi ishtiroki xalqaro darajadan past

 

Maktab boshqaruvidagi ishtirok

 

Hisobotda maktab direktorlarining fikrlariga ham o‘rin berilgan. Rahbarlarning ma’lum qilishicha, o‘quv dasturlari, yo‘riqnomalar va maktabning boshqa ichki siyosatiga oid qarorlarni qabul qilishda o‘qituvchilarning ishtiroki kamida uchdan ikki qism holatda cheklangan.

 

Xususan, maktab budjetini taqsimlash va intizom siyosatini ishlab chiqish kabi jarayonlarda oddiy o‘qituvchining ta’sir doirasi past darajada qolmoqda.

 

Nazorat va hisobdorlik

 

O‘zbekistonda o‘qituvchi faoliyatini baholash tizimi (attestatsiya yoki monitoring) nafaqat kasbiy o‘sish, balki qat’iy nazorat vositasi sifatida xizmat qilishi aniqlangan.

 

Tahlillarga ko‘ra, o‘zini o‘quv dasturini tatbiq etishda «to‘liq mustaqil» deb hisoblaydigan o‘qituvchilarning atigi 1 foizigina yilda bir martadan kam tekshiriladi (yoki umuman tekshirilmaydi).

 

Avvalroq, O‘zbekiston o‘qituvchilari sun’iy intellektdan eng faol foydalanuvchilar qatoriga kirgani haqida xabar bergan edik.