Kitob o‘qish zerikarli tuyulsa, nima qilish kerak?

Kitob o‘qish zerikarli tuyulsa, nima qilish kerak?

CEOWORLD Magazine jurnali tomonidan o‘tkazilgan statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda 102 mamlakatdagi kitobxonlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklar yiliga o‘rtacha 17 ta, hindistonliklar esa 16 ta kitob o‘qiydi.

 

Onlayn media vositalarining ommalashib borishiga qaramay, ham amerikaliklar, ham hindistonliklar elektron kitoblar yoki audiokitoblarga nisbatan qog‘oz kitoblarni afzal ko‘rishda davom etmoqda.

 

‘‘CEOWORLD magazine Consumer Insights’’ ushbu eksklyuziv so‘rov natijalarini taqdim etadi. Tadqiqot 6 500 000 dan ortiq intervyu asosida o‘tkazilgan.

 

Qo‘shma Shtatlar va Hindiston dunyo bo‘ylab tanlangan mamlakatlar orasida kitobxonlar ulushi eng yuqori bo‘lgan davlatlar sifatida yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Kitob o‘qish chastotasi bo‘yicha AQSh birinchi o‘rinda turadi. O‘zbekiston bu ro‘yxatga kiritilmagan.

 

2024-yilda eng ko‘p kitob o‘qigan davlatlar

 

O‘rin

Mamlakat

Yiliga o‘qilgan kitoblar soni

Yillik o‘qish vaqti

1

AQSh

17 ta

357 soat

2

Hindiston

16 ta

352 soat

3

Buyuk Britaniya

15 ta

343 soat

4

Fransiya

14 ta

305 soat

5

Italiya

13 ta

278 soat

6

Kanada

12 ta

232 soat

7

Rossiya

11 ta

223 soat

8

Avstraliya

10 ta

217 soat

9

Ispaniya

9 ta

187 soat

10

Niderlandiya

8 ta

182 soat

 

Ko‘plab bolalar va kattalar kitoblarni zerikarli deb hisoblab, soddaroq ko‘ngilochar mashg‘ulotlarni tanlashmoqda. Holbuki, o‘qishdan zavq olishni o‘rganish unchalik ham qiyin emas.

 

Kuch to‘plang

 

Ko‘pincha kitoblarni sevib qololmayotgan odamlar bir xil xatoga yo‘l qo‘yishadi: ular umuman hech narsa qilishga holi qolmagan paytda o‘qishga urinishadi. Bu holat maktabda va qo‘shimcha mashg‘ulotlarda kun bo‘yi bilim olgan o‘quvchiga ham, ishda og‘ir kunni boshdan kechirgan kattaga ham xos. Stress va zo‘riqishdan charchagan miya hatto eng qiziqarli romanlardan ham zavq olishga imkon bermaydi.

 

Agar kitob sizga uyqu dori kabi ta’sir qilsa yoki, aksincha, uni devorga uloqtirgudek jahlingizni chiqarsa, adabiyot olamiga sho‘ng‘ish harakatlarini bir muddat to‘xtating. Avval dam oling va yaxshilab uxlang. Tinch muhitda va yaxshi kayfiyatda o‘qishni davom ettirsangiz, ta’siri butunlay boshqacha bo‘ladi. So‘zlarni tushunishga kamroq kuch sarflaysiz va matn mazmuni hamda undagi his-tuyg‘ularga e’tiboringizni qaratishingiz osonlashadi.

 

To‘g‘ri kitoblarni tanlang

 

Agar o‘zingizni tetik va quvvatga to‘la his qilsangiz-u, o‘qish baribir yoqimli bo‘lmasa, ehtimol siz noto‘g‘ri kitoblarni tanlayotgandirsiz. O‘zingiz uchun o‘qiyotgan bo‘lsangiz, sizga yoqmaydigan adabiyot bilan o‘zingizni qiynamang. Qo‘lingizga tushgan har bir kitobni oxirigacha o‘qib chiqishga majbur emassiz. Agar biror asar sizga mos kelmasa, uni chetga surib, boshqa muallif, uslub yoki janrdan boshlashingiz mumkin.

 

Как читать книги, чтобы получать удовольствие | Блог «Онлайн-Школа №1»

 

Eng muhimi, sizga aynan qaysi asarlar yoqishini aniqlab olishdir. Shu sababli, kitobxon do‘stlaringizdan, kitob do‘koni sotuvchilaridan yoki kutubxona xodimlaridan maslahat so‘rashdan uyalmang. Qiziqishlaringiz, mashg‘ulotlaringiz va javob izlayotgan savollaringiz haqida ayting — ular albatta mos kitob topishga yordam berishadi.

 

Qo‘shimcha motivatsiya toping

 

Aytaylik, karavotingiz yonida yoki javoningizda yangi kitoblar to‘planib qolgan, foydali tavsiyalar esa tobora ko‘paymoqda. Ammo shunga qaramay, o‘qish kundalik ishlaringiz ro‘yxatining eng oxirida qolmoqda. Siz vaqtingizni uy yumushlaridan tortib, ijtimoiy tarmoqlarda “sayr qilish”gacha bo‘lgan har qanday mashg‘ulotga sarflayapsiz.

 

Agar kitoblar o‘z-o‘zidan sizni jalb qilmasa, ular bilan bog‘liq boshqa narsalarda motivatsiya topishga harakat qiling. Oilaviy o‘qish yoki kitob klublari bunga yaxshi yordam beradi.

 

Sir oddiy: jarayonga boshqa odamlarni jalb qilsangiz, oldingi niyatlaringizdan voz kechish qiyinlashadi va yaqinlaringiz yoki klubdagi do‘stlaringiz bilan birga bir nechta kitobni o‘qib chiqasiz.

 

“Yashirin usullar”dan foydalaning

 

Buni tan olish qiyin, ammo ba’zan zerikish ortida kitobni to‘g‘ri o‘qiy olmaslik yotadi. Bolaligida ota-onasi yoki o‘qituvchilari tomonidan majburan tez-tez va tez o‘qishga undalganlar keyinchalik bundan ko‘proq aziyat chekishadi. Axir kattalar hayotida ham o‘qish yoki ish uchun zarur bo‘lgan adabiyotlarni o‘rganishga to‘g‘ri keladi.

 

How to Make an Audiobook: 10 Easy Steps for Beginners

 

Agar biror matnni o‘qish juda zarur bo‘lsa-yu, ammo istak bo‘lmasa, miyangizni biroz “aldab” ko‘ring. Masalan, katta matnni kichik bo‘laklarga ajrating va har bir qismini o‘qib bo‘lgach, o‘zingizni shirinlik yoki yoqimli mashg‘ulot bilan mukofotlang. Yoki kitobdagi ma’lumot sizga nima uchun kerakligini va murakkab mavzuni tushunish orqali qanday foyda olishingizni eslatib turing.

 

Shuningdek, matnni ko‘z bilan o‘qimasdan, idrokning boshqa yo‘llaridan foydalanib, audiokitoblarga murojaat qilishingiz ham mumkin.