Belgiyada istiqomat qiluvchi Loran Simons 15 yoshida ikkinchi doktorlik darajasini qo‘lga kiritdi. U birinchi dissertatsiyasini 12 yoshida himoya qilgan.
Ma’lum qilinishicha, Loran sakkiz yoshida maktab attestatini olgan, 11 yoshida esa magistraturani tamomlagan. U hozirda Myunxendagi Gelmgolts markazida (Germaniya) uchinchi ilmiy darajasi ustida ishlamoqda. Simons tibbiyot va sun’iy intellekt uyg‘unligini o‘rganmoqda.
O‘smirning oxirgi dissertatsiyasi nazariy kvant fizikasiga bag‘ishlangan. Ilgari u eksperimental fizika bo‘yicha dissertatsiya himoya qilgan edi. Loranning aytishicha, unga fotografik xotira va murakkab hodisalar o‘rtasidagi bog‘liqliklarni tezda aniqlash qobiliyati yordam beradi.
Loranning ota-onasi uning g‘ayrioddiy qobiliyatlari erta yoshda namoyon bo‘lganini ta’kidladi. U to‘rt yoshida maktabda o‘qishni boshlagan, olti yoshida gimnaziyaga o‘qishga kirgan. Sakkiz yoshida imtihonlarni topshirgan, to‘qqiz yoshida universitetga o‘qishga kirgan va 12 yoshida Maks Plank instituti tarixidagi eng yosh doktorantlardan biri bo‘ldi.
U Rim papasi bilan uchrashgan, Nobel mukofoti sovrindorlari bilan muloqotda bo‘lgan va dunyoning yetakchi ilmiy markazlarida nutq so‘zlagan.
“Men kartingda uchishni va do‘stlarim bilan kinoteatrda Marvel filmlarini tomosha qilishni yoqtiraman. Ba’zan uyda dam olib, Fortnite kabi videoo‘yinlarni o‘ynaymiz. Do‘stlarim bilan o‘zimni oddiy odamdek tuta olaman. Chalg‘imoqchi bo‘lganimda musiqa tinglayman, ba’zida esa raqsga tushishni yaxshi ko‘raman”, dedi Loran.
