Maktab yoshidagi bolalarni to‘g‘ri ovqatlantirish qanchalik muhim?

Maktab yoshidagi bolalarni to‘g‘ri ovqatlantirish qanchalik muhim?

Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (SanPiN)ga muvofiq, bolalarning ovqatlanishi ularning jismoniy rivojlanishi, aqliy faolligi, darslarda diqqat e’tiborini jamlashi va immunitetini mustahkamlashda hal qiluvchi o‘rin tutadi. To‘g‘ri tashkil etilgan ovqatlanish nafaqat sog‘lom bo‘lishiga, balki turli yuqumli va surunkali kasalliklarning oldini olishga ham yordam beradi.

 

Asosiy tamoyillar:

 

— Xilma-xillik – Bolaning haftalik ratsionida go‘sht (mol, tovuq, baliq), sut va sut mahsulotlari, sabzavot, meva, don mahsulotlari hamda dukkaklilar muntazam bo‘lishi kerak.

 

— Balanslanganlik – Oqsil, yog‘ va uglevodlar organizm ehtiyojiga mos miqdorda bo‘lishi shart. Masalan, oqsil manbalari (go‘sht, tuxum, sut), foydali yog‘lar (o‘simlik moyi, yong‘oq), sekin hazm bo‘ladigan uglevodlar (non, yorma, kartoshka).

 

— Vitamin va minerallar – Ayniqsa temir, kalsiy, D vitamini va B guruhi vitaminlari bolalar uchun zarur. Bu suyaklarning sog‘lom o‘sishi va qon tarkibining to‘g‘ri shakllanishiga yordam beradi.

 

— Tozalikka rioya qilish – SanPiN talablariga ko‘ra, maktab oshxonalarida mahsulotlarni saqlash, tayyorlash va taqdim etishda gigiyena qoidalari qat’iy amal qilinishi lozim.

 

— Ovqatlanish rejimi – Bolalar kamida 4 mahal ovqatlanishi kerak.

 

Haddan tashqari tuz va yog‘li taomlar, gazli ichimliklar, chips, fast-fud, ortiqcha shakarli mahsulotlarni cheklash zarur. Chunki, shirin va gazlangan ichimliklar ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazadi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bolalar salomatligini himoya qilish maqsadida maktab oshxonalarida bir qator mahsulotlarning tayyorlanishi va sotilishi taqiqlangan. 

 

Taqiqlangan mahsulotlar orasida keng tarqalgan gamburger, chizburger, hot-dog, chips, gazlangan ichimliklar, va energetik ichimliklar kabi mahsulotlar bor. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bu turdagi mahsulotlarni kundalik taomnomadan chiqarishni tavsiya qiladi. SSV tomonidan e’lon qilingan ro‘yxatga ko‘ra, ushbu mahsulotlar O‘zbekiston maktablaridagi oshxonalarda sotilishi taqiqlangan.