“Kuniga 10–15 soat masalalar yechib, tinimsiz o‘z ustimda ishladim” – O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi

“Kuniga 10–15 soat masalalar yechib, tinimsiz o‘z ustimda ishladim” – O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi

Joriy yilda nufuzli va xalqaro mintaqaviy olimpiadalarda Oʻzbekiston terma jamoasi eng yaxshi natijani qayd etdi.

 

Xususan, xalqaro kimyo olimpiadasida 2 ta oltin va xalqaro informatika olimpiadasida ilk kumush medalni qoʻlga kiritishdi.

 

2025-yil avgust oyidan eʼtiboran nufuzli fan olimpiadalarida oltin medalga ega boʻlgan oʻquvchilar 1 030 000 000 soʻm, mazkur olimpiadalarda oltin medal olgan har bir oʻquvchisi uchun ustozi 185 400 000 soʻm bilan taqdirlanadi.

 

Daler Rahimov xalqaro olimpiadalardagi ilk ishtirokini eslab, shunday deydi:

Birinchi marta xalqaro olimpiadalarda ishtirok etishni 8-sinfimda boshlaganman. Afsuski, hozirgiday bu kunni eslay olamanki, bu olimpiadada medal ololmaganman. Ammo, bu muvaffaqiyatsizlik men uchun katta dars boʻlgan.

Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab oʻqituvchisi Mohira Boltayeva oʻz oʻquvchilarining yutuqlari haqida gapirar ekan, hozirgi kunga qadar ularning xalqaro olimpiadalarda 20 dan ortiq medallarni qoʻlga kiritganini va har safar ularning muvaffaqiyatini koʻrsa, oʻzi medal olgandek quvonishini taʼkidlaydi.

 

Behruz Elmurodov esa yoshlik xotiralarini eslab, shunday deydi:

Men Mirishkor tumanidagi chekka qishloqda oʻsganman. Oʻsha yerdagi maktabda 11-sinfgacha oʻqiganman. Boshlangʻich sinfda oʻqib yurgan paytlarim maktabimiz direktori xonamizga kirdi va maktabimizdagi oʻquvchilar respublika olimpiadasida ham oʻrin olmoqda. Agarda, qaysidir oʻquvchim xalqaro olimpiadadan medal olsa, armonim qolmasdi deganlar. Hozirgi kunda xalqaro olimpiadada otin medalim bor va nufuzli matematika olimpiadasida kumush medalni qoʻlga kiritdim. Endi direktorimizning armoni qolmadi.

 

Informatika boʻyicha Oʻzbekiston tarixida ilk kumush medalni qoʻlga kiritgan Asilbek Sunnatov, kuniga 10–15 soat masalalar yechib, algoritmlar o‘rganib va o‘z ustida tinimsiz ishlaganligi bois, 2025-yilda Boliviyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro informatika olimpiadasida ushbu tarixiy natijaga erishganini ta’kidlaydi.

 

Mirjahon Muhammadov esa xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etishning yana bir jihatiga eʼtibor qaratib, shunday taʼkidlaydi:

Xalqaro olimpiadalarda qatnashib biz nafaqat bilimimizni sinaymiz, balki, bu sabab boy ham boʻlyabmiz. Oʻtgan yili qariyb 80 mln pul mukofotini qoʻlga kiritgan boʻlsam, bu yilda esa 1 mlrd ziyodni tashkil qilmoqda. Men avval bu narsani tasavvur ham qilib koʻrmaganman. Shu paytgacha nimaga erishgan boʻlsam, bu bilim va ustozlarim mehnati sabab erishdim.