Vazirlar Mahkamasining 13-sentyabr 2025-yildagi 578-sonli qaroriga muvofiq, quyidagi holatlar fuqaroning oʻqishini koʻchirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobi berilishiga asos boʻladi:
— xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega boʻlmagan oliy taʼlim tashkilotlarida yoki ularning filiallarida oʻqiganlarga;
— oliy taʼlim tashkilotlarining markazlari, boʻlimlari, oʻquv-maslahat punktlari va boshqalarda oʻqiganlarga;
— birinchi kursning birinchi semestriga oʻqishni koʻchirishga (talabaga kasallik tufayli akademik taʼtil berilgan holatlar, oʻqigan taʼlim yoʻnalishi mavjud boʻlmaganda, koʻchirib tiklash holatlari bundan mustasno);
— oliy taʼlim tashkilotida mos (turdosh) taʼlim yoʻnalishi (mos mutaxassislik) yoki taʼlim shakli mavjud boʻlmasa;
— toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etilganlar toʻlovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;
— talabaning shaxsiy yigʻmajildi (akademik maʼlumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;
— oliy taʼlim tashkilotiga davlat granti asosida koʻchirish va qayta tiklashda davlat granti asosida taʼlim oluvchilar soni (qabul parametrlari) doirasida boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlmasa;
— oliy taʼlim tashkiloti moddiy-texnik bazasining imkoniyati cheklanganda;
— maqsadli qabul qilinganlar boshqa taʼlim yoʻnalishi yoki taʼlim shakliga yoxud boshqa oliy taʼlim tashkilotiga;
— bir taʼlim shaklidan maxsus sirtqi taʼlim shakliga hamda maxsus sirtqi taʼlim shaklidan boshqa taʼlim shakliga;
— talaba Oʻzbekiston va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining oʻzaro kelishuvi asosida qabul qilinib, qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tahsil olgan yoki tahsil olayotgan boʻlsa (mazkur qoʻshma dasturning oʻzi bundan mustasno);
— qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.
Shuningdek, talabani oʻqimagan semestrdan keyingi semestrga oʻqishga tavsiya etishga ruxsat berilmaydi.
