Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ma’lum qilishicha, 2026-o‘quv yilidan boshlab davlat universitetlariga qabul qilinadigan abituriyentlar ta’lim uchun to‘lov qilmaydi — talabalar o‘qish xarajatlari to‘liq davlat tomonidan qoplab beriladi.
‘‘Endi oliy ta’lim ham bepul bo‘ladi’’
Bosh vazir, shuningdek, “Gruziya orzusi” partiyasi boshqaruvi davrida maktabgacha ta’lim bepul bo‘lgani, umumiy o‘rta ta’lim esa allaqachon bepul ekani haqida eslatib o‘tib, qo‘shimcha qildi:
“Endi ta’limning uchinchi bosqichi — oliy ta’lim ham to‘liq bepul bo‘ladi. Kelgusi yildan boshlab va keyingi yillarda davlat universitetlariga o‘qishga kirgan barcha talabalar uchun ta’lim bepul bo‘ladi.
Bu shuni anglatadiki, biz bosqichma-bosqich to‘liq bepul oliy ta’lim tizimiga o‘tyapmiz.
Tizim besh yil davomida to‘liq joriy etiladi. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab davlat oliygohlariga kirgan talabalarga o‘qish uchun to‘lov qilish shart bo‘lmaydi — ularning ta’lim xarajatlarini davlat to‘liq zimmasiga oladi.
Bu ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan juda muhim qaror. Bizning ustuvor vazifamiz — yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning moddiy farovonligini yaxshilashdir. Shu ma’noda, ushbu imtiyoz kelajakdagi talabalar uchun juda foydali bo‘ladi”, — dedi u.
Gruziya hukumatining birzdan so’ng, 2026-yildan boshlab Gruziya fuqarolari uchun davlat universitetlari va institutlarida oliy ta’lim to‘liq bepul bo‘lishini e’lon qilgan. Grant tizimi bekor qilinadi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat tomonidan universitetlarni moliyalashtirish tizimi joriy etiladi.
Ma’lum qilinishicha, amaldagi grant tizimida davlat imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan talabalar qaysi universitetga kirishidan qat’i nazar, davlat moliyaviy ko‘magini olish imkoniga ega edi.
Gruziya ta’lim vaziri Givi Mikanadzening so‘ziga ko‘ra:
“Endi na davlat, na xususiy universitetlar uchun voucher yoki grant asosidagi moliyalashtirish bo‘lmaydi. Davlat universitetlari o‘z ehtiyojlarini taqdim etadi, biz esa shu ehtiyojlardan kelib chiqib mablag‘ ajratamiz. Bu mablag‘lar o‘qituvchilarning maoshi, moddiy-texnik baza va boshqa zarur yo‘nalishlarga yo‘naltiriladi”.
Xorijlik talabalargachi?
Chet ellik abituriyentlar uchun tartib ham o‘zgaradi.
Ta’kidlanishicha, davlat universitetlari endi ularni qabul qila olmaydi. Boshqa davlat fuqarolari faqat xususiy universitetlarda o‘qishi mumkin bo‘ladi — o‘qish pullik bo‘lsa-da, qisman moliyaviy yordam olish imkoniyati saqlanib qolishi mumkin.
