Hukumatning 2024-yil 24-dekabrdagi 867-son qarorining 27-bandiga ko’ra, mustaqil taʼlim orqali kasbiy mahoratni oshirish — pedagog va mutaxassis xodimlar tomonidan oʻz lavozimi va mutaxassisligi boʻyicha mustaqil ravishda yangi bilimlarni oʻzlashtirish, malaka, koʻnikma va kompetensiyalarni shakllantirishni nazarda tutadi.
Uch yoshga toʻlmagan yosh bolasi boʻlgan ayollar, pensiya yoshidagilar hamda nogironligi boʻlgan pedagog va mutaxassis xodimlar maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari pedagogik kengashlarining qarori hamda oʻz arizasiga muvofiq elektron platforma orqali mustaqil malaka oshirishi mumkin.
Bunda:
– kasbiy rivojlantirish taʼlim tashkiloti maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari pedagogik kengashlarining qarori hamda pedagog va mutaxassis xodimlarning arizasi asosida tinglovchining mustaqil malaka oshirishi boʻyicha tegishli buyruqni rasmiylashtiradi;
– mustaqil malaka oshirishi belgilangan tinglovchilarning yakuniy attestatsiyasi Kasbiy rivojlantirish taʼlim tashkilotida tuzilgan komissiya tomonidan bevosita tashkil etiladi. Ularning oraliq nazoratlari elektron platforma orqali tashkil etiladi;
– mustaqil taʼlim shaklidagi malaka oshirish kursi dasturini toʻliq oʻzlashtirgan va yakuniy attestatsiyada ijobiy baholangan tinglovchilarga belgilangan tartibda sertifikat beriladi.
