Buyuk Britaniyaning Staffordshir universitetida o‘qituvchi ikki yil davomida dars materiallarini tayyorlashni to‘liq sun’iy intellektga yuklab qo‘ygani va ularni tahrir qilmagani ma’lum bo‘ldi.
Talabalar sifatsiz ta’limdan shikoyat qilgan bo‘lsa-da, universitet ma’muriyati o‘qituvchini oqlagan. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.
Bir daqiqada 3 xil aksent
Mojaro talabalar dars materiallari g‘alati ekanini payqab qolishgach boshlangan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchi talabalarni raqamli vositalar bilan tanishtirishi kerak bo‘lgan, biroq u o‘z ishini butunlay neyrotarmoqlarga topshirgan.
Talabalar quyidagi qo‘pol xatolarni aniqlashgan:
– taqdimot (prezentatsiya)ga yozilgan audio-sharhda «o‘qituvchi»ning ovozi bir daqiqa ichida uch xil aksentda gapirgan;
– darslar Britaniyada o‘tilishiga qaramay, sun’iy intellekt tayyorlagan matnlarda Britaniya qonunlari o‘rniga AQSh qonunchiligiga havolalar keltirilgan.
Universitet reaksiyasi: «Bu normal holat»
Eng qizig‘i, talabalar 2024-yilning oktyabr oyidan boshlab o‘qituvchi va ma’muriyatga shikoyat qilishgan, ammo ularning e’tirozlari inobatga olinmagan.
Universitet The Guardian nashriga bergan rasmiy izohida o‘qituvchini himoya qilgan:
«Sun’iy intellekt ushbu kursda faqat o‘quv kontentini tayyorlashda yordamchi vosita sifatida ishlatilgan va u ekspert-o‘qituvchilarning o‘rnini bosmagan», — deyiladi bayonotda.
Ma’lum bo‘lishicha, universitet ichki qoidalari o‘qituvchilarga ishni avtomatlashtirish uchun neyrotarmoqlardan foydalanishga ruxsat beradi.
