Nukus va Samarqand UNESCOning ‘‘Ta’limni targʻib etuvchi shaharlar global tarmog‘i’’ga (GNLC) kiritildi

Nukus va Samarqand UNESCOning ‘‘Ta’limni targʻib etuvchi shaharlar global tarmog‘i’’ga (GNLC) kiritildi

Joriy yilning 4-dekabr kuni UNESCO O‘zbekistonning Nukus va Samarqand shaharlarini ‘‘Ta’limni targʻib etuvchi shaharlar global tarmog‘i’’ga qo‘shilganini e’lon qildi.

 

Mazkur tarmoq maktablarda, ish joylarida, madaniyat muassasalarida, kutubxonalarda hamda jamoat joylarida hayot davomidagi ta’limni targʻib etayotgan shaharlarni birlashtiradi.

 

Joriy yilda 46 davlatdan 72 ta shahar tarmoqqa qo‘shildi va shu tariqa GNLC a’zolarining umumiy soni 91 davlatdan 425 ta shaharga yetgan.

 

Ta’kidlanishicha, Nukus va Samarqandning tarmoqqa qo‘shilishi O‘zbekistonning barcha yosh toifalari uchun sifatli ta’limni rivojlantirish, inklyuziv yondashuvlarni kengaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarining e’tirofi bo‘ldi.

 

Nukus shahrida, ayniqsa, yoshlar va ayollarning ehtiyojlariga mos keladigan qulay ta’lim ekotizimini shakllantirish borasida sezilarli yutuqlar qayd etilgan.

 

Samarqand shahrida esa hayot davomidagi ta’lim tizimini rivojlantirish, zamonaviy ta’lim muassasalarining tashkil etilishi, “Bilim Samarkand” raqamli platformasining joriy etilishi, shuningdek, professional va kasb-hunar ta’limi imkoniyatlarining kengaytirilgani alohida ta’kidlangan.