Hukumatning ‘‘O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida’’gi 139-son qaroriga ko‘ra, taʼlim muassasasiga kirib kelishda har bir taʼlim oluvchi, xodim, keluvchi va boshqa shaxslar oʻz telefoni abonentining chaqiruv ovozini toʻliq oʻchirib qoʻyishi (telefonni “ovozsiz” rejimga oʻtkazishi) shart.
Taʼlim muassasalarida oʻtkaziladigan oʻquv mashgʻulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari va shu kabilar) boshlanishidan oldin taʼlim oluvchilar:
– telefonini oʻchirib qoʻyishi;
– telefonini portfeli, sumkasi va shu kabilarga solib qoʻyishi shart.
Taʼlim oluvchilarga quyidagilar qatʼiyan taqiqlanadi:
a) telefonini boʻyniga osib olish, koʻkrak choʻntaklarida, shim, yubkalari choʻntaklarida va shu kabilarda saqlash;
b) telefon akkumulyatorini zaryadlash uchun taʼlim muassasasi elektr tarmoqlariga ulash;
v) telefoni yordamida:
– atrofdagilarga zoʻravonlik, shafqatsizlik, pornografiyani targʻib qiluvchi video va suratlarni namoyish qilish;
– taʼlim muassasasining nufuziga, shu jumladan zoʻravonlik va vandalizm holatlarini suratga olish va keyinchalik ularni atrofdagilarga namoyish etish yoʻli bilan zarar yetkazish;
g) oʻquv mashgʻulotlari vaqtida:
– telefon orqali soʻzlashish hamda SMS (MMS) va boshqa turdagi xabarlarni joʻnatish;
– telefonni stol ustiga qoʻyish;
– musiqa, shu jumladan naushniklar orqali tinglash;
– surat va video tasvirlarni koʻrsatishda telefondan foydalanish (oʻyinlar bilan shugʻullanish), tasvir (matn, rasm, videoyozuv va fotosuratlar) koʻrish, diktofon, kalkulyator, kalendar, bloknot, yon daftarcha kabilar sifatida foydalanish;
– suratga olish va video tasvirga tushirish;
– telefon (GPRS, Bluetooth, Internet va shu kabilar) orqali boshqa xizmatlardan foydalanish.
Mobil telefonga qachon ruxsat beriladi?
Nizomning 9-bandiga ko‘ra, taʼlim muassasasida taʼlim oluvchilarga mashgʻulotlar va tadbirlar oraligʻida faqat asosli va kechiktirib boʻlmaydigan zarur holatlarda ota-onasi (ularning oʻrnini bosuvchilar), yaqin qarindoshlari, taʼlim muassasalarining rahbarlari yoki xodimlari bilan zudlik bilan bogʻlanish maqsadida telefonlardan foydalanishga (qoʻngʻiroq qilishga, SMS, MMS, GPRS joʻnatishga, Bluetooth, Internet va shu kabilar xizmatidan foydalanishga) ruxsat etiladi.
Mashgʻulotlar va turli tadbirlar oraligʻida telefon orqali soʻzlashish uchun xonadan yoʻlakka yoki foyega chiqish, past ovozda va qisqa muloqot qilish zarur.
Favqulodda vaziyatlar vujudga kelgan taqdirda taʼlim muassasalarida telefondan foydalanish cheklanmaydi.
Taʼlim muassasasining oʻqituvchilari va boshqa xodimlari:
– oʻquv mashgʻulotlari vaqtida telefondan foydalanish huquqiga ega emas;
– darsdan tashqari vaqtda taʼlim oluvchilar ishtirokida telefondan foydalanishni imkoni boricha cheklashlari shart.
Talablarni buzgan o‘quvchilarga qanday chora ko‘riladi?
Ushbu Nizomning 13-bandiga muvofiq talablarini buzgan taʼlim oluvchilarga nisbatan quyidagi taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanadi:
– ogohlantirish;
– ularning kundalik daftariga yozib qoʻyish;
– ota-onalarini (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni) xabardor qilish yoki tushuntirish suhbati oʻtkazish uchun taʼlim muassasasiga chaqirish.
Shu bilan birga, ushbu Nizom talablarini buzgan talabalarga nisbatan oliy taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalariga muvofiq choralar koʻriladi.
Talablari buzilgan taqdirda taʼlim muassasasining har qanday pedagog xodimi taʼlim oluvchidan telefonni olib qoʻyish, ushbu Nizomni buzganlik holati toʻgʻrisida bildirishnoma rasmiylashtirish va uni telefon bilan birga taʼlim muassasasining (fakultetning) direktoriga (dekaniga) yoki direktor (dekan) oʻrinbosariga, keyinchalik uni ota-onalarga (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga, oliy taʼlim muassasalarida esa – kuratorga) berish va talablari buzilganligi holatlari toʻgʻrisida ogohlantirish berish huquqiga ega.
Tartibni har qanday buzilishi taʼlim muassasasida (fakultetda) tuziladigan direktor (dekan) rahbarligidagi komissiya tomonidan, sinf rahbari (kurator), taʼlim oluvchining ota-onalari (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) ishtirokida, shuningdek ota-onalar (talabalar) majlisida muhokama qilinadi.
Ma’lumot uchun, Nizom talablari har yili imzo qoʻydirilgan holda har bir taʼlim oluvchiga va uning ota-onasiga (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga), oliy taʼlim muassasalarida esa tegishli ravishda har bir talabaga yetkaziladi.
Avvalroq, Yaponiyada o‘quvchilar uchun telefon vaqtini cheklash bo‘yicha yangi qaror kuchga kirgani haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning Seul shahridagi maktablarda telefondan foydalanish butunlay taqiqlangani haqida xabar berilgan edi.
