Qirg‘izistonda ham O‘RVI va gripp sabab 50 dan ortiq bog‘cha va 5 ta maktab vaqtincha yopildi

Qirg‘izistonda ham O‘RVI va gripp sabab 50 dan ortiq bog‘cha va 5 ta maktab vaqtincha yopildi

2025-yil 24–30-noyabr kunlari davomida Qirg‘izistonda O‘RVI va gripp bo‘yicha 37 068 ta holat qayd etilgan. Bu o‘tgan haftaga nisbatan 2,5 barobar ko‘p. Bu haqda Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligining matbuot xizmati Davlat sanitariya-epidemiologik nazorati departamenti ma’lumotlariga tayanib ma’lum qildi.

 

Ma’lum qilinishicha, joriy yil 2-dekabr kuni respublikada O‘RVI va gripp bo‘yicha epidemiologik vaziyatni muhokama qilish uchun operativ shtab yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

 

Unda operativ shtab tumanlararo sanitariya-epidemiologiya markazlariga nafaqat bog‘chalar va maktablarda, balki savdo markazlarida ham, ayniqsa bolalar o‘yin maydonchalari mavjud bo‘lgan joylarda profilaktika ishlarini kuchaytirishni tavsiya qilingan.

 

“Kasallanish sur’ati yuqori darajada saqlanib qolsa, bolalar ko‘p to‘planadigan joylarda vaqtinchalik cheklovlar va karantin choralarini joriy etish masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etiladi”, — deyiladi xabarda.

 

Davlat sanitariya-epidemiologik nazorati departamenti infeksion kasalliklar nazorati boshqarmasi boshlig‘i Dinara Otorboyeva ta’kidlashicha, epidemiologik vaziyat har kuni nazorat ostida. Kasallanganlarning 73 foizini 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi, ularning 5 foizi shifoxonalarga yotqizilgan.

 

Kasallanishning eng yuqori ko‘rsatkichi O‘sh va Bishkek shaharlari, shuningdek Botken va Chuy viloyatlarida kuzatilmoqda.

 

Ta’kidlanishicha, kasallanish ortib borayotgani sababli Bishkekda 25 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, Chuy viloyatida qariyb 40 ta, O‘sh viloyatida esa 5 ta maktab vaqtincha onlayn o‘qitishga o‘tgan.

 

Barcha tibbiyot muassasalarida karantin choralari kuchaytirilgan:

 

  • majburiy niqob taqish tartibi joriy etilgan;

  • statsionarga bemorlarning qarindoshlari kirishi cheklangan;

  • grippning oldini olish bo‘yicha ma’lumotlar joylashtirilgan;

  • xonalar muntazam dezinfeksiya va bakteritsid qayta ishlashdan o‘tkazilmoqda.

 

Qayd etilishicha, respublika sanitariya-epidemiologiya markazlari mutaxassislari O‘RVI va grippning yanada tarqalishini oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda. Vaziyat bo‘yicha monitoring 24 soat davomida olib borilmoqda. Aholi keyingi qarorlar va tavsiyalar haqida o‘z vaqtida xabardor qilib borilishi va’da qilingan.

 

Avvalroq, Qozog‘istonda gripp va O‘RVI kasalligi ko‘paygani sabab maktablar masofaviy ta’limga o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edik.