Kelasi yildan stipendiya miqdori oshishi mumkin

Kelasi yildan stipendiya miqdori oshishi mumkin

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yil uchun davlat byudjetiga doir qonun loyihasini eʼlon qildi. Hujjatda qator iqtisodiy koʻrsatkichlar oʻrin olgan.

 

Xususan, qonun loyihasida kelasi yili davlat xodimlari ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirishga byudjetdan 6 trln soʻm ajratilishi belgilangan. Bunga ayrim xizmat turlari narxi koʻtarilishi va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilishi xarajatlari ham kiradi.

 

Kelasi yildan stipendiya miqdori oshishi mumkin

 

Kelgusi yillarda aholining real daromadlarini oshirish maqsadida ish haqi, pensiya va nafaqalarni yillik inflyatsiyadan yuqori surʼatda indekslab borish reja qilingan. Prognozlarga koʻra, 2026-yilda inflyatsiya darajasi taxminan 7 foiz boʻlishi kutilmoqda.

 

Vazirlik hisob-kitoblariga koʻra, davlat xodimlari ish haqini 1 foizga oshirish byudjetdan 1 trln 697 mlrd soʻm, pensiyalarni 1 foizga koʻtarish esa 832 mlrd soʻm qoʻshimcha mablagʻ talab qiladi.

 

Byudjet xarajatlarining eng katta qismi ish haqi va unga bogʻliq toʻlovlarga yoʻnaltiriladi. Xususan, 2026-yilda ish haqi va ijtimoiy soliq uchun 172,8 trln soʻm sarflash rejalashtirilgan. Bu koʻrsatkich 2025-yilgi tasdiqlangan rejadan 18,5 trln soʻmga koʻp. Kelasi yilda ish haqi toʻlovlari davlat byudjeti xarajatlarining 42,9 foizini, yalpi ichki mahsulotga nisbatan esa 8,7 foizini tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

 

Shuningdek, 2026-yilda stipendiyalar uchun 2,2 trln soʻm, pensiya toʻlovlari uchun 86,1 trln soʻm, nafaqalarga esa 14 trln soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilishi belgilangan.

 

Qonun loyihasi – Faylni yuklash

 

Avvalroq, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasi va Budjetnomasiga ko’ra, 2026-yilda taʼlimga 100,3 trln soʻm ajratilishi rejalashtirilgani haqida xabar bergan edik.