Qozog‘istonda kuchli chang sabab o‘quvchilarni masofaviy ta’limga o‘tkazish masalasiga Bosh vazir javob berdi

Qozog‘istonda kuchli chang sabab o‘quvchilarni masofaviy ta’limga o‘tkazish masalasiga Bosh vazir javob berdi

Kuchli changlanish tufayli Qozog‘iston o‘quvchilarini masofaviy o‘qishga o‘tkazish mumkinmi? Bu masalada Qozog‘iston Bosh vaziri javob berdi.

 

Bungacha deputat Olga Bulavkina bosh vazir Oljas Bektenovga yo‘llagan so‘rovnomasida havoning ifloslanishi hali ham sog‘liq va o‘lim darajasi uchun asosiy xavf omillaridan biri ekanini ta’kidlagan.

 

‘‘Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda yurak-qon tomir kasalliklari oqibatida 29,9 ming, nafas olish organlari kasalliklari tufayli 13,3 ming, yomon sifatli o‘smalar sababli 13,5 ming kishi vafot etgan. Afsuski, ushbu kasalliklardan o‘lim darajasi o‘sishda davom etmoqda. Mutaxassislar bu o‘sishni Karaganda, Temirtau, Sharqiy Qozog‘iston shaharlarida, Atirau va Aqtobe viloyatlarida, shuningdek, Astana va Olmaotada sanoat markazlaridagi havoning ifloslanishi bilan bevosita bog‘laydi’’, — dedi deputat Olga Bulavkina o‘z so‘rovnomasida.

 

Uning ta’kidlashicha, shaharlardagi sanoat korxonalari to‘planishi noqulay meteorologik sharoitlar (inversiya, tinch havo) bilan qo‘shilganda changlanishning muntazam hosil bo‘lishiga olib keladi. Bu esa aholi orasida nafas yo‘llari, yurak-qon tomir va onkologik kasalliklarning ko‘payishiga bevosita ta’sir qiladi.

 

U, shuningdek, havoning ifloslanishi bilan bog‘liq bo‘lgan noqulay meteorologik sharoitlarda (NMSh) o‘quvchilarning masofaviy o‘qishga o‘tkazilishi masalasini ko‘targan.

 

‘‘Ta’lim vazirligi buyruqlarida zararli moddalar miqdori ruxsat etilgan me’yordan oshgan holatlarda masofaviy o‘qishga o‘tish tartibi belgilab qo‘yilmagan’’, — dedi u.

 

Deputat eslatishicha, 2025-yil oktabr oyida Kazgidrometning rasmiy ma’lumotlari asosida, shahar hokimligi va ta’lim boshqarmasi bilan kelishgan holda, Ust-Kamenogorsk o‘quvchilari bir necha kun davom etgan smog sabab masofaviy o‘qishga o‘tkazilgan edi.

 

‘‘Bu — 53 ming o‘quvchiga ega 66 ta maktab. Bundan tashqari, Ust-Kamenogorskda 30 ming nafar talaba kollej va oliy ta’lim muassasalarida o‘qiydi. Bunday masalani tegishli vazirliklarning yagona me’yoriy hujjatisiz hal qilish deyarli imkonsiz. Holbuki, bu vaziyat viloyat markazida yana takrorlanishi mumkin’’, — dedi deputat Olga Bulavkina.

 

Bulavkina, shuningdek, Qozog‘istonda zararli moddalar miqdorining amaldagi me’yoriy chegaralari (PDK) yillar davomida yangilanmaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, PDK 5 barobar va undan yuqori oshganida, ayniqsa noqulay meteorologik sharoitlarda qanday choralar ko‘rish bo‘yicha aniq tavsiyalar hanuz yo‘q.

 

Bosh vazirning javobi

 

Deputat so‘roviga bosh vazir Oljas Bektenov javob berdi. Uning aytishicha, atmosferadagi havoning ifloslanishi bo‘yicha monitoring 70 ta aholi punktida muntazam ravishda amalga oshiriladi.

 

‘‘2025-yilning birinchi yarmida 298 ta yuqori darajadagi ifloslanish holati qayd etildi, shundan 23 tasi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda 9 ta holat tasdiqlandi. Ta’kidlash joizki, monitoring ma’lumotlari umumiy ifloslanish darajasini aks ettiradi va har doim ham aniq manbani ko‘rsatib bera olmaydi, ayniqsa sanitariya himoya zonalariga yaqinlik yoki bir nechta korxonalar ta’siri mavjud bo‘lgan hududlarda’’, — dedi bosh vazir Oljas Bektenov.

 

U shuningdek, masofaviy ta’lim rasmiy ta’lim shakli ekanini va tegishli buyruqlar bilan tartibga solinishini eslatdi.

 

‘‘Masofaviy format noqulay meteorologik sharoitlarda, favqulodda vaziyatlarda, cheklov tadbirlarida, tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha, ota-onalar arizasiga asosan yoki boshqa asoslar mavjud bo‘lgan holatlarda qo‘llaniladi. Shunday qilib, NMShning ikkinchi va uchinchi darajalarida hamda zararli moddalar miqdori ruxsat etilgan me’yordan uch baravar oshganida, o‘quvchilarni sog‘ligini himoya qilish uchun ularni masofaviy ta’limga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati hokimliklarga beriladi’’, — dedi bosh vazir.

 

Bosh vazirning javobiga ko‘ra, noqulay meteorologik sharoitlar 2–3-darajaga yetganda va zararli moddalar miqdori PDKdan uch baravardan ko‘proq oshganida, hokimliklar o‘quvchilarni onlayn ta’limga o‘tkazishi mumkin.