Kasbiy taʼlim tashkilotlarining taʼlim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish boʻyicha indikatorlar tasdiqlandi

Kasbiy taʼlim tashkilotlarining taʼlim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish boʻyicha indikatorlar tasdiqlandi

Adliya vazirligi 2025-yil 1-dekabrda “Kasbiy taʼlim tashkilotlarining taʼlim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishda baholash mezonlari boʻyicha indikatorlarni tasdiqlash haqida”gi buyruqni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi (roʻyxat raqami 3717).

 

Mazkur idoraviy hujjat bilan 6 ta yoʻnalish doirasidagi 31 ta mezon boʻyicha kasbiy taʼlim tashkilotlaridagi taʼlim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishda foydalaniladigan 163 ta indikator belgilab berilmoqda.

 

Unga koʻra, 8 ta (4.9 %) majburiy indikatorlar (masʼul tarkibiy tuzilmani tashkil etishning aniq rejasi mavjudligi, talabalar kontingentidan kelib chiqqan holda oʻquv xonalari bilan taʼminlanganlik va b.) hamda 155 ta (95.1 %) umumiy indikatorlar (fan mazmuniga mos (xorijiy) adabiyotlardan foydalanish, talabalar oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazish, sport zali (sport maydonchalar) mavjudligi va b.) mavjud boʻlib, “muvofiq” yoki “muvofiq emas” tarzida baholanadi.

 

 Bunda:

 

▪️ 50 % gacha indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “muvofiq emas”;
▪️ 50 % dan 60 % gacha indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “qisman muvofiq”;
▪️ 60 % va undan ortiq indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “muvofiq” deb topiladi.

 

Majburiy indikator “muvofiq emas” deb baholansa, umumiy natijadan qatʼi nazar, mezon “muvofiq emas” deb topiladi.

 

Avvalroq, oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim dasturlarini akkreditatsiyasidan oʻtkazishda baholash mezonlari boʻyicha indikatorlar tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.

 

Shuningdek, muhokamalar portaliga ‘‘Kasbiy taʼlim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishda baholash mezonlari boʻyicha indikatorlarni tasdiqlash haqida’’ qaror loyihasi e’lon qilingan edi.