Mehnat kodeksining 383-moddasiga asosan, ish beruvchi mehnat shartnomasi boʻyicha ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida oʻqitilayotgan, qayta tayyorlashdan yoki malaka oshirishdan oʻtayotgan, shuningdek, ishlab chiqarish taʼlimini oʻtayotgan xodimlarga ish va oʻqishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart.
Bunda ushbu kodeksning 385-moddasiga koʻra, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tashkilotlarida kechki yoki sirtqi taʼlim shakli boʻyicha oʻqiyotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyalarida ishtirok etgan davr uchun oʻquv taʼtillari:
– oliy va oʻrta maxsus taʼlim, kasb hunar taʼlimi tashkilotlarida sirtqi taʼlim shaklida oʻqiyotganlarga esa kamida qirq kalendar kun muddatga oʻrtacha ish haqi saqlangan holda har yili beriladi.
Mana shu qoidaga koʻra, agar xodim birinchi marta oliy taʼlim olayotgan boʻlsa, unda unga yuqoridagi tartibda taʼtil beriladi va taʼtil uchun oʻrtacha oylik ish haqidan kelib chiqib taʼtil puli beriladi.
Mehnat kodeksining 257-moddasiga asosan, xodimning oʻrtacha oylik ish haqi hisoblanadi. Ushbu moddaning uchinchi qismiga koʻra Mehnatga haq toʻlashning vaqtbay tizimidagi xodimlarning oʻrtacha ish haqi xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi oxirgi kalendar oy uchun tarif stavkasi (lavozim maoshi) miqdoridan kelib chiqib, xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi oʻn ikki kalendar oy uchun ustamalar, mukofotlar va boshqa toʻlovlar (ushbu Kodeks 248-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ish haqining qoʻshimcha qismi) summasining oʻn ikkidan bir qismi oʻrtacha ish haqiga jamlangan holda belgilanadi.
Mana shu qoidaga koʻra xodimning ustamalari uning oʻrtacha ish haqini hisoblashda qoʻshiladi.
Mehnat kodeksining 386-moddasiga asosan, ishni oʻqish bilan birga olib borayotgan xodimlarga kafolatlar va kompensatsiyalar birinchi marta tegishli darajadagi taʼlim olayotganda berilishi belgilangan.
Agar xodim ikkinchi marta oliy taʼlimda oʻqiyotgan boʻlsa, qoidaning mazmuniga koʻra, oʻquv taʼtili beriladi lekin bunda ish haqi saqlanmaydi.
