Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yil uchun davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini eʼlon qildi. Hujjatda kelgusi yilga moʻljallangan asosiy iqtisodiy koʻrsatkichlar va xarajatlar rejalari aks ettirilgan.
Loyihaga koʻra, 2026-yilda davlat xodimlari ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalarning oshirilishi uchun byudjetdan 6 trln soʻm yoʻnaltiriladi. Ushbu mablagʻlar tarkibida xizmatlar narxining oshishi va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar ham mavjud.
Kelgusi yillarda aholining real daromadlarini oshirish maqsadida ish haqi, pensiya va nafaqalarni yillik inflyatsiyadan yuqori surʼatda indekslab borish reja qilingan. Prognozlarga koʻra, 2026-yilda inflyatsiya darajasi taxminan 7 foiz boʻlishi kutilmoqda.
Vazirlik hisob-kitoblariga koʻra, davlat xodimlari ish haqini 1 foizga oshirish byudjetdan 1 trln 697 mlrd soʻm, pensiyalarni 1 foizga koʻtarish esa 832 mlrd soʻm qoʻshimcha mablagʻ talab qiladi.
Byudjet xarajatlarining eng katta qismi ish haqi va unga bogʻliq toʻlovlarga yoʻnaltiriladi. Xususan, 2026-yilda ish haqi va ijtimoiy soliq uchun 172,8 trln soʻm sarflash rejalashtirilgan. Bu koʻrsatkich 2025-yilgi tasdiqlangan rejadan 18,5 trln soʻmga koʻp. Kelasi yilda ish haqi toʻlovlari davlat byudjeti xarajatlarining 42,9 foizini, yalpi ichki mahsulotga nisbatan esa 8,7 foizini tashkil etishi prognoz qilinmoqda.
Shuningdek, 2026-yilda stipendiyalar uchun 2,2 trln soʻm, pensiya toʻlovlari uchun 86,1 trln soʻm, nafaqalarga esa 14 trln soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilishi belgilangan.
Avvalroq eʼlon qilingan Fiskal strategiyada 2026-yilda davlat xodimlari ish haqi, pensiya va nafaqalarning kamida 6–7 foizga oshirilishi rejalashtirilgani qayd etilgandi. Shuningdek, kelgusi yilda davlat idoralarining byudjetdan oladigan mablagʻlari ham oldindan belgilab qoʻyilgan.
