Xodimning mehnat taʼtili davri OTMdagi oʻquv jarayoni bilan bir vaqtga toʻgʻri kelib qolsa nima qilish kerak?

Xodimning mehnat taʼtili davri OTMdagi oʻquv jarayoni bilan bir vaqtga toʻgʻri kelib qolsa nima qilish kerak?

Savol: Men 2-yanvardan mehnat taʼtiliga chiqishim kerak edi, lekin sirtqi taʼlimda oʻqishim 7-yanvardan boshlanishi haqida universitetdan maʼlum qilishdi. Agar shu kunlar oʻquv taʼtili sifatida rasmiylashtirilsa, mehnat taʼtili uchun olgan pullarim qayta hisoblanadimi yoki ish haqimdan ushlab qolinishi mumkinmi?

 

Mehnat kodeksining 385-moddasiga asosan, sirtqi taʼlimda oʻqiyotgan xodimlarga oʻquv taʼtili berish ish beruvchining majburiyati hisoblanadi.

 

Bunda taʼtil davomiyligi talabaning qaysi bosqichda oʻqiyotganiga qarab belgilanadi: 1–2 kurslarda kamida 30 kun, 3 va undan yuqori kurslarda esa kamida 40 kun, va ushbu davrda oʻrtacha ish haqi saqlanadi.

 

Shu bilan birga, qonunchilik mehnat taʼtili bilan oʻquv taʼtili bir paytga toʻgʻri kelib qolgan holatlarda alohida tartibni nazarda tutadi. Mehnat kodeksining 229-moddasi xodimga ikki xil huquq beradi: birinchi — har yilgi mehnat taʼtilini oʻquv taʼtili davriga muvofiq ravishda uzaytirish, ikkinchi — taʼtilning foydalanilmagan qismini keyingi muddatga koʻchirish.

 

Agar taʼtildan foydalanishga monelik qiluvchi holatlar taʼtil boshlanishidan oldin maʼlum boʻlgan boʻlsa, xodim va ish beruvchi kelishuvi asosida taʼtilning yangi muddati belgilanadi.

 

Misol uchun, xodim 2-yanvardan mehnat taʼtilini boshlashi kerak, ammo 7-yanvardan sirtqi oʻquv mashgʻulotlari boshlanishi mumkinligi haqida oldindan rasmiy maʼlumot taqdim etmagan boʻlsa, ish beruvchi taʼtilni belgilangan sanada berishi mumkin. Chunki hozirgi paytda taʼtildan foydalanishga toʻsqinlik qiluvchi rasmiy faktlar mavjud emas.

 

Biroq mehnat taʼtili davomida xodim oliy taʼlim muassasasidan rasmiy tasdiqnoma taqdim etib, oʻquv taʼtili soʻrasa, ish beruvchining ikki yoʻli bor: birinchisi — mehnat taʼtil davomiyligini oʻquv taʼtili kunlariga toʻgʻrilab uzaytirish, ikkinchisi — taraflar kelishuviga binoan mehnat taʼtilining qolgan qismini boshqa vaqtga koʻchirish. Bu holat ham Mehnat kodeksining 229-moddasi ikkinchi qismida belgilab qoʻyilgan tartibga toʻliq mos keladi.