Maktablarda oʻquv xonalarining harorati necha darajada boʻlish kerak?

Maktablarda oʻquv xonalarining harorati necha darajada boʻlish kerak?

Ta’lim muassasalarida o‘quv xonalarida mashg‘ulotlar o‘tkazishda mehnatni muhofaza qilish talablariga ko‘ra, yengil jismoniy ish bajariladigan xonalarda havo harorati kamida 21 daraja, nisbiy namlik esa 40–60 foiz bo‘lishi lozim. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo’mitasi ma’lum qilgan.

 

Mehnatni muhofaza qilish qoidalarida o‘quv jarayoni olib boriladigan xonalar uchun ham aniq me’yorlar belgilangan: yengil jismoniy ishda minimal harorat 21 °C, o‘rtacha og‘irlikdagi ishda 17 °C, og‘ir jismoniy faoliyatda esa 16 °C dan past bo‘lmasligi shart.

 

Ayrim maxsus xonalar uchun talablar yanada aniq belgilangan. Sport zalida harorat doimiy ravishda 18–20 °C oralig‘ida bo‘lishi va havoning namligi 50–60 foiz darajada saqlanishi talab etiladi. Fizika laboratoriya xonalarida esa optimal harorat 18–21 °C, nisbiy namlik 40–60 foiz etib belgilangan.

 

Bundan tashqari, ta’lim muassasalaridagi hojatxonalar issiq suv va kanalizatsiya tizimiga ulangan bo‘lishi shart. Agar bino kanalizatsiya tizimiga ulanmagan bo‘lsa, davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda yer qatlamini ifloslantirmaydigan, dushxona hamda yuvinish joylaridan oqova chiqmaydigan maxsus axlat o‘ralari o‘rnatilishiga ruxsat beriladi.

 

Ushbu talablar ta’lim muassasalarida sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash va o‘quvchilar salomatligini himoya qilishga qaratilgan.