Google Gemini sun’iy intellekt platformasida oʻzbek tili joriy etildi

Google Gemini sun’iy intellekt platformasida oʻzbek tili joriy etildi

Google foydalanuvchilari endi Google Gemini sunʼiy intellekt platformasidan oʻzbek tilida ham foydalanishi mumkin. Bu haqda Toshkentda boʻlib oʻtgan “Sunʼiy intellekt davrida yetakchilik: strategiya va innovatsiya” panel sessiyasida maʼlum qilindi.

 

Muhokama ishtirokchilari qatorida boʻlgan Google Cloudʼning hukumatlar bilan aloqalar va davlat siyosati boʻyicha rahbari Marina Junich Google Gemini platformasi endi oʻzbek tilini qoʻllab-quvvatlayotganini aytib oʻtdi.

 

Ushbu yangilik mamlakatda raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirishda muhim qadam boʻlib, mahalliy mutaxassislar, tadbirkorlar va aholi uchun zamonaviy AI yechimlaridan ona tilida foydalanish imkoniyatini yaratadi.

 

Google Geminiʼda oʻzbek tili joriy etilishi nimani anglatadi?

 

Googleʼning sunʼiy intellekt tizimi — Google Gemini endi oʻzbek tilida ishlay oladi. Yaʼni, endilikda ushbu tizim oʻzbek tilida berilgan savollarni erkin tushunadi, toʻgʻri talqin qiladi va tabiiy shaklda javob bera oladi. Bu, avvalo, oʻzbek tilini global sunʼiy intellekt infratuzilmasiga qoʻshish orqali uning qoʻllanish doirasini yanada kengaytiradi.

 

Avval koʻplab xizmatlardan foydalanish uchun ingliz tilini bilish talab etilgan boʻlsa, endi murakkab mazmundagi izohlar, ilmiy tushunchalar, kundalik savollar, ijodiy matnlar yoki texnik topshiriqlarni ham oʻzbek tilida shakllantirish mumkin. Bu ayniqsa oʻquvchilar, talaba-yoshlar, tadqiqotchilar, jurnalistlar va kontent yaratish bilan shugʻullanayotganlar uchun bir qancha qulayliklar yaratishi mumkin.

 

Shuningdek, Gemini oʻzbek tilining xususiyatlarini inobatga olgan holda matn yaratishi, stilistik jihatdan toʻgʻri jumlalar taklif qilishi, tarjima sifatini oshirishi bilan talabalar va oʻqituvchilar uchun ancha yaxshi yordamchi boʻladi.