“Attestatsiya bo‘yicha apellyatsiyada o‘qituvchilar ishtiroki rasman cheklandi” — rasmiy munosabat

“Attestatsiya bo‘yicha apellyatsiyada o‘qituvchilar ishtiroki rasman cheklandi” — rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Attestatsiya bo‘yicha apellyatsiyada o‘qituvchilar ishtiroki rasman cheklandi” mazmunidagi xabarlar yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot kotibi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Unga koʻra, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-noyabrdagi VM-740-sonli qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom”ning tegishli bandlariga kiritilgan oʻzgarishlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilingan:

 

Nizomga kiritilgan oʻzgarishlar pedagoglarga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lib, test dasturi boʻlgan test.uzedu.uz maxsus platformasi orqali test sinovlari jarayonining oʻzida ham pedagog tomonidan murojaat yuborish (e’tiroz bildirish) imkoniyati yaratilgan.

 

Murojaatlarni tezkorlik bilan koʻrib chiqish maqsadida Nizom talablariga muvofiq, apellyatsiya komissiyasi tarkibiga muammoli holatlarga aniqlik kiritish uchun jamoatchilik asosida malakali mutaxassislarni jalb etishi yo‘lga qo‘yilgan.

 

Shuningdek, kiritilgan oʻzgartirishlar pedagogning apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqishdagi jarayonni to‘liq tartibga solib, ularni apellyatsiya shikoyatini berish huquqini saqlab qolgan.

 

Bundan tashqari, apellyatsiya komissiyasi qarori komissiya tomonidan murojaatni koʻrib chiqish yakunlangan zahoti murojaatchining shaxsiy kabinetiga murojaatga javob shaklida yuboriladi hamda uning soʻroviga koʻra, apellyatsiya komissiyasi qarorining tegishli qismidan koʻchirma taqdim etilishi va bevosita tegishli tashkilotga tashrif buyurgan holda o‘zining murojaati natijalariga oid hujjatlar bilan tanishib ketishiga monelik ko‘rsatmasligi bildirilgan.