Toshkent davlat yuridik universitetida klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi joriy etiladi

Toshkent davlat yuridik universitetida klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi joriy etiladi

2025-yil 26-noyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–232-sonli Prezident Farmoni qabul qilindi.

 

Farmonga koʻra, quyidagilar yuridik taʼlim va ilm-fan rivojlanishida erishiladigan asosiy vazifalar etib belgilandi, jumladan:

 

– yuridik taʼlim samaradorligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish;

 

– Toshkent davlat yuridik universitetining (Universitet) 2030-yilgacha nufuzli Quacquarelli Symonds reytingida huquq sohasi boʻyicha yuqori 1 000 talik universitetlar roʻyxatiga kirishini taʼminlash.

 

2026/2027-oʻquv yilidan Universitetda tajriba tariqasida amaliy oʻqitish hamda klinik va dual taʼlim tamoyili asosida taʼlim olish tizimi joriy etiladi.

 

Bunda 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun yuridik taʼlim dasturlarining 50 foizi auditoriyalarda, 50 foizi sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda oʻtkaziladi.

 

2027/2028 oʻquv yilidan “Yurisprudensiya” yoʻnalishi mavjud boshqa davlat oliy taʼlim tashkilotlarida Universitet tajribasi natijalaridan kelib chiqib, amaliy oʻqitish hamda klinik va dual taʼlim tamoyili asosida taʼlim olish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.