Joriy yilgi davlat dasturida taʼlim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan.
Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 27–28 noyabr kunlari “Maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi psixoemotsional holatdagi muammolar va ularni oldini olish, shuningdek tarbiyalanuvchilar shaxsiyatini shakllantirish” mavzusida oʻquv-seminar oʻtkazilmoqda.
Ushbu tadbir Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamkorligida tashkil etilmoqda.
Mazkur kurs psixolog-trenerlar uchun zarur boʻlgan zamonaviy ilmiy-amaliy bilim va kompetensiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi, degan umiddamiz. Ikki kunlik oʻquv-seminar natijasida maktabgacha taʼlim tizimidagi 3 ming nafardan ortiq psixologlarni kaskad usulida oʻqitish jarayoniga zamin yaratiladi.
Psixologlar uchun yaratilgan 20 dan ortiq metodik resurslar, jumladan, diagnostika, psixosomatika, neyropsixologiya, kasbga yoʻnaltirish, korreksiya va profilaktika, trening dasturlari va ota-onalar uchun resurslar amaliyotda yaxshi samara berishiga ishonamiz», – dedi Ta’limni rivojlantirish markazi direktori Yuliya Risyukova.
Tadbir maktabgacha taʼlim psixologlarining huquqiy va axloqiy masʼuliyatini oshirish, ulardagi kasbiy soʻnishning oldini olish, stresslarga bardoshlilik darajasini yaxshilash, zamonaviy yondashuvlar va metodlar orqali ularning bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Seminarda 5 ta oʻzbek va 1 ta rus guruhlarida mahorat darslari tashkil etilib, unda mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 170 nafar maktabgacha taʼlim psixologlari hamda 22 nafar trenerlar ishtirok etmoqda.



