Iqtisodchi Sergey Bazilik sun’iy intellekt tez o‘zgarayotgan davrda hatto “eng ishonchli” kasblar nima uchun yo‘qolayotgani, bolalarni nimaga o‘rgatish kerakligi va o‘zgarishlardan qo‘rqmaslikni qanday shakllantirish haqida fikr bildirdi.
Nega kasblarning kelajagi bugun oilalarni o‘ylantirmoqda va buning yechimi nimada?
— Qaysi sohalar eng tez o‘zgarayotgani sezilmoqda?
— Eng sezilarli o‘zgarishlar ko‘p takrorlanuvchi vazifalar mavjud bo‘lgan yo‘nalishlarda yuz bermoqda: transport, moliya, logistika, administratsiya. Sun’iy intellekt va avtomatlashtirish odamlar qo‘lda bajargan ishlarni — ma’lumot qidirish, hisobot tayyorlash, standart maslahatlar berish — o‘z zimmasiga olyapti. Inson charchashi yoki xato qilishi mumkin, mashina esa uzluksiz va aniqlik bilan ishlaydi — ta’tilsiz va dam olish kunlarisiz.
— O‘zgarishlar tez sodir bo‘ladimi yoki uzoq davom etadimi?
— Yangi texnologiyalarning rivoji chiziqli emas. Dastlab ularning ta’siri sezilmaydi, keyin keskin tezlashuv ro‘y beradi, bir necha yil o‘tib esa to‘yinganlik bosqichi boshlanadi. Internet va mobil texnologiyalar bilan biz bu jarayonning ilk bosqichlarini allaqachon bosib o‘tdik. Endi esa sun’iy intellekt bilan bog‘liq shiddatli o‘sish bosqichiga kiryapmiz. Bugun o‘yinchoqdek ko‘ringan narsa ertaga me’yor bo‘ladi — xuddi smartfonlarning kompyuterlarni siqib chiqargani kabi.
— Yaqin yillarda qaysi kasblar yo‘qolib ketadi?
— O‘n besh yil oldin, hatto bugun ham, buxgalter eng barqaror kasblardan biri sifatida ko‘rilardi. Ammo bugun buxgalterlarning asosiy takroriy ishlari dasturlar va sun’iy intellekt tomonidan bemalol bajarilmoqda.
Inson zimmasida faqat noodatiy holatlarni tahlil qilish, mijozlar bilan muloqot va qarorlar uchun mas’uliyat qolmoqda. Yaqin yillarda shunday “muzlashga mahkum” kasblar yanada ko‘payadi. Texnologiyalar ta’lim tizimiga qaraganda ancha tez o‘zgaradigan davrda yashayapmiz — bir avlod davomida butun yo‘nalishlar yo‘qolib ketadi, yangilari esa hech qaerdan paydo bo‘ladi.
Agar farzandingiz buxgalter bo‘lishni orzu qilsa, u ta’limini kengaytirishi va qo‘shimcha yo‘nalishlarni ham o‘zlashtirishi muhim.
— Qaysi kasblar baribir qoladi?
— Aslida, kasblar emas, ko‘nikmalar qoladi. Muloqot, tanqidiy fikrlash, moslashuvchanlik, ma’lumotlar bilan ishlash, insonlar bilan ishlay olish — qadri pasaymaydigan ko‘nikmalardir. Kontekstni anglash va mas’uliyat talab etadigan vazifalar har doim inson zimmasida qoladi.
O‘n yil avval product-manager yoki sun’iy intellekt etikasi mutaxassisi haqida hech kim bilmas edi. Bugun bu ommaviy kasblarga aylandi. Yaqin bir-ikki yil ichida esa yana yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ladi: mashina o‘rgatuvchilari, raqamli hamjamiyatlar kuratorlari, bilimlar bazasi arxitektorlari.
Bugun yana bir qiziqarli jarayonni kuzatyapmiz: kadrlarni tanlash tizimlari rezümelarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilsa, nomzodlar rezyumelarini aynan o‘sha texnologiya bilan yaxshilaydi. Natijada sun’iy intellekt sun’iy intellekt bilan “suhbatlashadi”, haqiqiy signal yo‘qoladi. Shuning uchun real loyihalar, amaliy tajriba va jonli tavsiyalar qadri ortmoqda — buni mashina yaratib bermaydi.
Nega ota-onalarning “barqaror kasb” izlashga bo‘lgan urinishlari samara bermaydi?
— Achchiq haqiqat shuki: barqaror kasblar endi mavjud emas. Mehnat bozori shiddat bilan o‘zgaradi — texnologiyalar qoidalarni universitetlar ulgurmasidan o‘zgartirib yuboradi.
Ota-onalar o‘z yoshliklari mezonlari bilan fikrlashadi: “diplom — barqarorlik”. Bugun esa diplom faqat boshlanish nuqtasi, kafolat emas. Eng nufuzli universitetlar bitiruvchilari ham har bir necha yilda qayta o‘qishga majbur.
Bugun omon qolishning kaliti — tez o‘rganishga tayyorlik. Ota-onalar hali ham “ishonchli kasblar” sifatida bank sohasi, huquq, buxgalteriyani eslaydi. Ammo aynan shu sohalar birinchilardan bo‘lib avtomatlashtirilmoqda.
Bugungi to‘g‘ri tanlov — fundamental bilimlar qadrlanadigan yo‘nalishlar: texnika, ijtimoiy fanlar, matematika, iqtisodiyot, muhandislik, sotsiologiya.
Muammo fanlarda emas, balki ko‘nikmalarda: tahlil qilish, bog‘liqliklarni ko‘ra olish, murakkab narsalarni sodda tushuntirish. Bu ko‘nikmalar mehnat bozori qanday o‘zgarmasin, doim kerak bo‘ladi.
Asosiy xato — bolani aniq bir kasbga tayyorlash. To‘g‘ri yondashuv — uni o‘zgarishlarga tayyorlash: sinab ko‘rishdan qo‘rqmaslik, yo‘nalishni o‘zgartira olish, o‘zini qayta kashf qilish. Bu tartibsizlik emas — yangi barqarorlik shakli.
Bolaga kelajakdan qo‘rqmaslikka qanday yordam berish mumkin?
— Eng oddiy qadamlardan boshlang: qiziqish va mustaqillikni rivojlantiring. Bolaga o‘ziga yoqqan yo‘nalishni tanlashga ruxsat bering — bu siz tasavvur qilgan “kelajagi porloq kasb” bilan mos tushmasa ham.
Maktab — asos. Ammo haqiqiy kelajak ko‘nikmalari maktabdan tashqarida shakllanadi: to‘garaklar, loyihalar, volontyorlik, amaliyotlar. Noaniqlik bilan to‘qnash kelish — moslashuvning eng yaxshi maktabi.
Onlayn kurslar va ta’lim platformalari odatiy holga aylandi. Muhimi — bolani ortiqcha yuklamaslik va mustaqil o‘qishni o‘rgatish.
Ota-onaning roli — nazorat qilish emas, balki jarayonni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish. Xatolarga yo‘l qo‘yishni taqiqlamang: kelajakda ish beruvchilar xato qilmaganlarni emas, xatoni tez tuzata oladiganlarni qadrlaydi.
Farzandiga barqaror kelajak tanlamoqchi bo‘lgan ota-onalarga asosiy maslahat?
— Dunyo haqiqatan ham oldingidek emas — noaniq, o‘zgaruvchan. Ammo bu hukm emas, balki yashashni o‘rganish mumkin bo‘lgan muhit. Ota-onalar e’tiborni bir kasbga tayyorlashdan emas, balki o‘zgarishlarga tayyor bo‘lgan shaxsni tarbiyalashga qaratishi kerak.
Bu yondashuv 2030-yilda ham, 2040-yilda ham, hatto 2100-yilda ham o‘z samarasini beradi.
