Oʻqituvchini obroʻsizlantirib, qoʻpol soʻzlar bilan haqoratlagan ota-onaga qanday chora koʻriladi?

Oʻqituvchini obroʻsizlantirib, qoʻpol soʻzlar bilan haqoratlagan ota-onaga qanday chora koʻriladi?

Konstitutsiyaning 52-moddasi ikkinchi qismida davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi mustahkamlab qoʻyilgan.

 

Shuning uchun, pedagoglarni haqorat qilish, ularning ustidan kulish yoki ularga tuhmat qilish, unga bosim oʻtkazish kabilar mumkin boʻlmaydi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga koʻra, har qanday holatda ham shaxsni haqorat qilish, unga tuhmat qilish taqiqlangan. Bu huquq hech kimga berilmagan. Aksincha, mazkur qilmishlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan.

 

Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasiga muvofiq haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish hisoblanib, bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

 

Shuningdek, ushbu kodeksning 40-moddasida tuhmat, yaʼni bila turib yolgʻon, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 60 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi mustahkamlab qoʻyilgan.

 

Agar yuqoridagi qilmishlar maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin 1 yil davomida qayta sodir etilsa, unda bu qilmishlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 139 va 140-moddalariga koʻra,  jinoiy javobgarlik chorasi qoʻllanadi.

 

Bu holatda tuman IIBga va prokuraturaga murojaat qilish lozim.

 

Avvalroq, bogʻcha ishlariga aralashadigan ota-onalarga qanday chora koʻrilishi haqida xabar bergan edik.