Kunduzgi taʼlim shakli imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200nafar talaba Prezident grantini oladi. Imtihonlarda toʻplash mumkin boʻlgan maksimal ball – 189 ball. Agar talaba kontraktga qabul qilingan boʻlsa ham, Prezident grantiga loyiq koʻrilsa, grant asosida oʻqiydi.
Prezident granti uchun ajratilgan kvotaning taʼlim sohalari boʻyicha taqsimoti har yili Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Muayyan taʼlim sohasi uchun ajratilgan Prezident granti kvotasi boʻyicha soʻnggi oʻrindagi abituriyent va u bilan bir xil ball toʻplagan barcha fuqarolar Prezident grantiga daʼvogar boʻladi.
Qonunchilik hujjatlariga muvofiq, oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishda qoʻshimcha ball shaklida imtiyoz beriladigan toifadagi abituriyentlarning kirish imtihonlari natijalariga koʻra toʻplagan balliga qoʻshib berilgan ballar Prezident grantiga daʼvogarlarni aniqlashda hisobga olinmaydi.
Prezident grantiga daʼvogar boʻlgan abituriyentlar roʻyxati har yili kirish imtihonlari va tanlov toʻliq yakunlangandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi va bu talabalar davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Prezident granti sovrindorlari birinchi kursda barcha fanlarni “aʼlo” baholarga oʻqigan, maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarida yutuqlarga erishgan mazkur grantga daʼvogar talabalar orasidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Respublika oliy taʼlim kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov asosida aniqlanadi. Oʻtkazilgan tanlov natijalariga koʻra gʻolib boʻlgan talabalarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi tayinlanadi va toʻlanadi.
Bunda talabaga:
– Prezident granti uchun belgilangan stipendiya ikkinchi kursning oʻquv yili boshidan oyma-oy toʻlanadi va shu munosabat bilan unga umumiy shartlarda belgilanadigan stipendiya tayinlanmaydi; – oʻquv semestri yakuniga koʻra kamida bitta fandan oʻzlashtirish koʻrsatkichi “aʼlo” baho boʻlmaganda, Prezident granti sohiblariga kelgusi oʻquv semestri mobaynida umumiy tartibda belgilanadigan stipendiya tayinlanadi va toʻlanadi;
– navbatdagi oʻquv semestri yakuniga koʻra barcha fanlar boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichi faqat “aʼlo” baho boʻlganda, Prezident granti uchun belgilangan stipendiya qayta tayinlanadi va toʻlab boriladi;
– oʻqish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos va turdosh mutaxassislik boʻyicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qoʻshimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.
Bu stipendiya miqdori Prezident stipendiyasi bilan bir xil. Prezident stipendiyasi esa 2 410 695 soʻmni tashkil etadi.
Eslatma! Joriy yilgi qabul doirasida 826 nafar abituriyent maksimal 189 ballni qo’lga kiritgan edi.
