Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi oliy ta’lim tizimida talabalarni noqonuniy o‘tkazish bilan bog‘liq korrupsiya holatini aniqladi. Mazkur holat I.Razzakov nomidagi Qirg‘iz davlat texnika universiteti bilan bog‘liq bo‘lgan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, ochilgan jinoiy ish doirasida mazkur universitetning ayrim o‘qituvchilari talabalarga soxta akademik ma’lumotnomalar va xorijiy universitetlarning transkriptlarini tayyorlab bergan.
Shu soxta hujjatlar asosida taxminan 200 nafar talaba noqonuniy ravishda universitetga qabul qilingan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida universitet dotsenti Sh.A.A. mazkur ishda gumonlanib, qo‘lga olingan.
Hozirgi vaqtda operativ-tergov harakatlari davom etmoqda, jinoyatga aloqador boshqa o‘qituvchilar va universitet ma’muriyati a’zolari aniqlanmoqda.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi korrupsiyada ishtirok etgan barcha shaxslar mansabidan yoki ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar qonun oldida javob berishini ta’kidlagan.
