Berlinda O‘zbekiston va Germaniya universitetlari rektorlarining ilk forumi o‘tkazildi

Berlinda O‘zbekiston va Germaniya universitetlari rektorlarining ilk forumi o‘tkazildi

Joriy yilning 18-noyabr kuni O‘zbekiston va Germaniyaning universitetlari va ilmiy tashkilotlari ishtirokida oliy ta’lim va fan sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan forum bo‘lib o‘tdi. Tadbirda qariyb 200 nafar rahbar ishtirok etgan.

 

Ochilish marosimida O‘zbekistonning Germaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov hamda Germaniya Federal Ta’lim va Ilmiy Tadqiqotlar Vazirligi (BMBF) xalqaro hamkorlik bo‘limi rahbari o‘rinbosari Sandra Leneke so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasida shakllanib borayotgan ishonchli aloqalar hamda ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar yo‘nalishidagi istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot bergan.

 

Forum doirasida “Ta’lim va akademik hamkorlik” hamda “Tadqiqotlar va innovatsiyalar” nomli panel sessiyalarda qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, o‘zbekistonlik talabalarning Germaniyada amaliyot va stajirovka o‘tash imkoniyatlarini kengaytirish, strategik yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy markazlar tashkil etish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilingan.

 

Ishtirokchilar O‘zbekiston va Germaniya rektorlari forumi ikki davlat ta’lim tizimlari o‘rtasida uzoq muddatli va barqaror hamkorlikni shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidlagan.