Rossiyada tibbiyot talabalari uchun yangi tartiblarni belgilovchi qonun imzolandi

Rossiyada tibbiyot talabalari uchun yangi tartiblarni belgilovchi qonun imzolandi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin tibbiyot oliygohlari va kollejlarining bitiruvchilari uchun maqsadli ta’lim va majburiy murabbiylik (ustozlik) tartibini joriy etuvchi qonunni imzoladi. Hujjat rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.

 

 

Unga ko‘ra:

— Ordinaturadagi barcha byudjet o‘rinlari endi maqsadli bo‘ladi.

— Ordinator agar maqsadli shartnoma tuzishni istamasa, u o‘qishni faqat bo‘sh o‘rin bo‘lsa, pullik asosda davom ettirishi mumkin.

 

 

Shuningdek, mintaqa hokimliklari endi yosh tibbiyot mutaxassislarini ishga joylashtirish, murabbiylikni tashkil qilish va qo‘shimcha ijtimoiy imtiyozlar berish bo‘yicha mas’ul bo‘ladi.

 

 

Bitiruvchilar uchun majburiy murabbiylik joriy etiladi, uning muddati uch yildan oshmaydi. Aniq muddati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan turli mutaxassisliklarga qarab belgilanadi.

 

 

Endi bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish dasturida ishtirok etuvchi tibbiyot tashkilotlari ham maqsadli o‘qitish buyurtmachisi bo‘lishi mumkin.

 

 

Maqsadli o‘qishga qabul kvotalarini hukumat belgilaydi. Agar tibbiyot yoki farmatsevtika yo‘nalishi talabalari (ordinatura bundan mustasno) maqsadli shartnomani bekor qilsa yoki belgilangan tashkilotda ishlashdan bosh tortsa, ular o‘qishga sarflangan mablag‘ni qoplashlari, shuningdek, shu summaning ikki baravari miqdorida jarima to‘lashlari kerak bo‘ladi.

 

 

Avval taqdim qilingan tahrirda barcha byudjet o‘rinlari maqsadli bo‘lishi ko‘zda tutilgan edi. Yakuniy qabul qilingan qonunga ko‘ra esa:

— 70% o‘rinlar maqsadli,

— 30% o‘rinlar oddiy byudjet bo‘lib qoladi.