Hukumatning tegishli (15.08.2022 yildagi 447-son) qaroriga muvofiq, magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qoplab berish tartibi belgilangan.
Quyidagi ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplanadi:
– Davlat oliy ta’lim muassasalari;
– Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi;
– Bosh prokuratura akademiyasi;
– Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi;
– Bank-moliya akademiyasi.
Buning uchun magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan talaba xotin-qizlar o‘zlari ta’lim oladigan muassasa rektori (filial direktori) nomiga 15 sentabrgacha ariza bilan murojaat etadi.
Ushbu muddatdan keyin taqdim etilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi. Arizalar 3 ish kunida ko‘rib chiqilib, ro‘yxat shakllantiriladi.
Umumlashtirilgan talabgorlar ro‘yxati 5 ish kunida to‘lov-kontraktlarni qoplab berish uchun OTMning idoraviy mansubligiga ko‘ra tegishli vazirliklar va idoralarga yuboriladi.
Talabgorlarga to‘lov-kontrakt summasini qoplab berish to‘g‘risida joriy o‘quv yilining 15-oktabriga qadar tegishli OTM rektori buyrug‘i qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq 2024-2025-yilgi qabul jarayonida magistratura mutaxassisliklari uchun imtihonlar o’tkazilmasligi haqida xabar bergan edik.