Tibbiyot universiteti talabalariga stipendiya berilmayotganligi holati yuzasidan izoh berildi

Tibbiyot universiteti talabalariga stipendiya berilmayotganligi holati yuzasidan izoh berildi

Toshkent davlat tibbiyot universitetining (sobiq Toshkent davlat stomatologiya institutining) 2-kurs klinik ordinatura (rezidentura) bosqichida tahsil olayotgan 19 nafar talaba 3 oydan beri stipendiya ololmayotganligi haqida talabalardan murojaat kelib tushgan. Bu haqida Qalampir.uz nashri xabar berdi.

 

Xabarga ko‘ra, talabalar 2024-yilning 14-sentyabrida o‘qishga qabul qilingan. Shunga qaramay, rektor tomonidan stipendiyani 2-oktyabrdan boshlab belgilash buyrug‘i chiqarilgan, ammo talabalar shunda ham o‘tgan yilning noyabr oyida stipendiya olgan.

 

“Boshqa markazlarda tahsil olayotganlar sentyabr oyidan boshlab stipendiya olgan. Bizga esa o‘tgan yili noyabr oyida to‘langan, shunda ham oktyabr oyining yarmidan hisoblab berilgan edi. Bu yil ham asossiz ravishda kechiktirilmoqda. Hozirgacha sentyabr, oktyabr, noyabr oylari uchun stipendiyamizni olganimiz yo‘q. Qolaversa, o‘tgan yilning 1,5 oylik stipendiya ham berilmadi. Buyruq bo‘yicha o‘tgan yildan yarim oylik stipendiya to‘lanmagan, lekin aslida sentyabr oyi uchun ham to‘lanishi kerak edi. Shunday qilib, institut har birimizdan qariyb 14 million so‘m atrofida qarz. Bu summa 19 kishiga 266 million so‘mga to‘g‘ri keladi”, degan 2-kurs ordinatorlardan biri.

 

Talabaning aytishicha, ular bu masalada dekanat va buxgalteriya bo‘limi bilan bir necha bor bog‘langan, biroq muammo hal etilmagan.

 

“Buxgalteriyadan “tushadi, tushadi”, degan vajlar eshitamiz. Oxirgi berilgan muddat 10 noyabr edi, lekin mana vaqt o‘tdi — hali ham stipendiya yo‘q. Aytishlaricha, tushgan taqdirda ham faqat 2025-yil uchun 3 oylik stipendiya to‘lanar emish, o‘tgan yilgi qarz esa yopilmaydi”, deya norozilik bildirgan talaba.

 

Ularning aytishicha, ayni paytda 1-kurs ordinatorlarga allaqachon stipendiyalari to‘langan.

 

Holat yuzasidan Toshkent davlat tibbiyot universiteti munosabat bildirdi.

 

Unga ko‘ra, sobiq Toshkent davlat stomatologiya instituti 2-kurs klinik ordinatura (rezidentura) bosqichida tahsil olayotgan 19 nafar talabalar o‘tgan 2024-yilning sentabr va oktabr oylari uchun stipendiya olmagan. Ushbu talabalarga stipendiya tayinlash va to‘lovlarini amalga oshirish sobiq Toshkent davlat stomatologiya instituti tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan.

 

Olib borilgan o‘rganishlar natijasida 2024-yil sentabr, oktabr oylari uchun 19 nafar klinik ordinatorlarga stipendiya to‘lab berilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Lekin, hozirgi kunda ushbu masala yuzasidan qonunchilikda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra talabalarga stipendiyani to‘lab berish choralari ko‘rilyapti, – deyiladi xabarda.

 

Universitet ma’sullarining yozishicha, hozirgi holatda klinik ordinaturaning o‘quv jarayonlari natijalariga ko‘ra, ko‘pchilik 1-kurs klinik ordinatorlari yillik attestatsiyasidan o‘ta olmagani sababli, ularga bir necha marotaba qayta topshirishga imkoniyat berilgan. Ular yillik attestatsiyasidan o‘tishi uchun so‘nggi marotaba 2025-yil 8-noyabr imtihon topshirgan. 

 

Bugungi kunda, attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan va qarzdorlikni bartaraf etgan klinik ordinatorlarni navbatdagi kursga (1-kursdan 2-kursga) o‘tkazish hamda ularga stipendiya tayinlash to‘g‘risidagi buyruqlar rasmiylashtirildi va o‘rnatilgan tartibda stipendiya to‘lovlari to‘liq amalga oshiriladi.

 

Shuningdek, klinik ordinatura to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, akademik qarzdorligi mavjud bo‘lgan klinik ordinatorlarga stipendiya to‘lovlari amalga oshirilmaydi.

 

Ma’lumot o‘rnida Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 18-dekabrdagi 319-son qarori bilan tasdiqlangan Klinik ordinatura to‘g‘risidagi nizomning 40-bandiga muvofiq, joriy o‘quv yilidagi o‘qitish dasturi tugallangandan keyin, attestatsiya natijalariga muvofiq, bilimlar va ko‘nikmalarning reyting nazoratini hisobga olgan holda, attestatsiya komissiyasi tomonidan klinik ordinatorlarni navbatdagi kursga o‘tkazish, o‘qishdan chetlashtirish yoki klinik ordinaturani tugatganlik to‘g‘risida qaror qabul qilinishi belgilangan.