"Perevod" boshlanishiga 11 kun vaqt qoldi. O‘qishni ko‘chirish haqida eng muhim ma’lumotlar - Ta’lim xabarlari
“Perevod” boshlanishiga 11 kun vaqt qoldi. O‘qishni ko‘chirish haqida eng muhim ma’lumotlar

Yaqin kunlarda OTMlarga kirish imtihonlari bilan birga xorijiy OTMlardan davlat OTMlariga o‘qishni ko‘chirish mavsumi boshlanadi.

 

Xorijiy OTMdan ko‘chirishda talabgor yo‘nalishiga qarab yo test, yo ijodiy imtihon topshiradi. O‘tish ballari har yili 15-iyulgacha Bilim va malakalarni baholash agentligi saytida e’lon qilinadi.

 

O‘zbekistondagi bir OTMdan boshqasiga ko‘chirish uchun esa faqat 2 ta toifa talabalarga ruxsat bor:

 

– Talaba turmushga chiqsa, turmush o‘rtog‘ining yashash joyidagi OTMga;

 

– Davlat xizmatchisining ish joyi o‘zgarganda farzandi yoki turmush o‘rtog‘i tegishli rahbar tavsiyanomasi bilan o‘qishini ko‘chirishi mumkin.

 

O‘zbekistonning o‘zidagi xorijiy va xususiy OTM talabalari ham davlat OTMiga o‘tish uchun imtihon topshiradi. O‘tish ballini to‘plolmaganlar “super-kontrakt” bilan qabul qilinishi mumkin.

 

Abituriyentlarga o‘qishga kirishda beriladigan imtiyozlar “perevod”chilar uchun amal qilmaydi.

 

O‘qishni ko‘chirish uchun arizalar 15-iyuldan 5-avgustgacha qabul qilinadi.

 

Qanday hujjatlar talab qilinadi?

 

– o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ariza (ariza blankasi hududiy ishchi guruhi tomonidan beriladi va talaba tomonidan joyida to‘ldiriladi);

 

– talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma yoki transkript nusxalari (bittasi bo‘lsa yetarli);

 

– pasport nusxasi;

 

O‘qishni ko‘chirish qaysi platformalar orqali amalga oshiriladi?

 

1. transfer.edu.uz – bir davlat oliy ta’lim muassasasidan boshqa davlat oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirish uchun;

 

2. my.uzbmb.uz – xorijiy yoki nodavlat OTMdan davlat OTMga ko‘chirish uchun.

 

Keyingi jarayon qanday bo‘ladi?

 

Tegishli vazirlik (idora) yoki Davlat komissiyasining xati asosida oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan o‘qishi ko‘chirilayotgan talaba darslarga qo‘yiladi. OTM tomonidan talaba ilgari ta’lim olgan OTMga uning shaxsiy yig‘ma jildini jo‘natish uchun so‘rovnoma yuboriladi.

 

So‘rovnoma olingandan so‘ng, talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasi rektorining talabalar safidan chetlashtirish haqida buyrug‘i asosida uch kun muddatda talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (ro‘yxati bilan) uni o‘qishga qabul qilgan oliy ta’lim muassasasiga jo‘natiladi yoki ariza bilan o‘qishi ko‘chirilgan talabaga beriladi.

 

Shaxsiy yig‘ma jild jo‘natilishi mumkin bo‘lmagan hollarda (yopiq yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash) oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan imzolangan va gerbli muhr bilan tasdiqlangan akademik ma’lumotnoma talabani o‘qishga qabul qilgan oliy ta’lim muassasasiga jo‘natiladi.

 

Eslatma: agar talaba maqsadli qabul doirasida ta’lim olayotgan bo‘lsa, unga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.

 

Grantda o‘qiyotan talaba grant bilan o‘qishini ko‘chira oladimi?

 

O‘qishning barcha shakllari bo‘yicha oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha davlat grantlari o‘rinlariga ko‘chirishga faqat davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalar arizasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalarida tegishli o‘quv yilidagi qabul qilish kvotalarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi.

 

Ya’ni agar OTM yo‘nalishlari uchun ajratilgan grant o‘rin bo‘lsa, ta’lim muassasasidagi vaziyatdan kelib chiqib, talabaga grant asosida o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilishi mumkin.

 

Ko‘zi ojiz va nogironligi bor talabalarga grant asosida o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladi.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Ta’lim-biznes

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Образование-бизнес

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры