Kimyo fani o‘qituvchilari milliy sertifikat sinovlari bo‘yicha norozilik bildirdi

Kimyo fani o‘qituvchilari milliy sertifikat sinovlari bo‘yicha norozilik bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda kimyo fani o‘qituvchilari tomonidan Milliy sertifikat imtihoni bo‘yicha adolatli tekshiruv o‘tkazilishini so‘rab Bilim va malakalarni baholash agentligiga murojaati tarqaldi.

 

Unga ko’ra, 2025-yil 4-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan kimyo fanidan Milliy sertifikat imtihoni natijalari e’lon qilingach, natijalar Respublika bo‘ylab faoliyat yurituvchi ko‘plab kimyo o‘qituvchilari va repetitorlar orasida keskin xavotir uyg‘otgan.

 

Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan ayrim talabgorlarning natijalari anomalliklar bilan ajralib turadi. Jumladan, test qismidan juda yuqori (90 ball atrofida) natija qayd etilgan bo‘lsa-da, yozma ish qismidan ancha past (40-50 ball) ko‘rsatkich kuzatilgan.

 

‘‘Amaliy tajriba shuni ko‘rsatadiki, test bo‘limidan 90 ball atrofida natija olgan talabgor, odatda, yozma ishda ham yuqori natija qayd etadi. Ushbu tafovut esa o‘qituvchilar jamoasi orasida imtihon savollari oldindan tarqalgan yoki noqonuniy tarzda sotilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi shubhalarni kuchaytirmoqda.

 

Bundan tashqari, 2025-yil 5-oktabr kuni Namangan viloyatida matematika fanidan o‘tkazilgan Milliy sertifikat imtihoni natijalari bekor qilingani, ya’ni test natijalari normal statistik taqsimotdan keskin farq qilgani sababli bekor etilgani haqidagi rasmiy e’lon ham kimyo fanidagi mazkur shubhalarning asossiz emasligidan dalolat berishi mumkin.

 

Shu sababli biz – O‘zbekiston bo‘ylab faoliyat yurituvchi kimyo fani o‘qituvchilari jamoasi – Bilim va malakalarni baholash agentligidan quyidagilarni talab qilamiz:

 

1️⃣ 2025-yil 4-oktabr kuni o‘tkazilgan kimyo fanidan Milliy sertifikat imtihoni savollarining maxfiyligi, saqlanishi va tarqatilish jarayoni yuzasidan xizmat tekshiruvini o‘tkazish.

 

2️⃣ Test va yozma ish ballari o‘rtasida keskin tafovut kuzatilgan natijalarni tanlab qayta tahlil qilish.

 

3️⃣ Agar savollar oldindan tarqalgan yoki noqonuniy tarzda foydalanilganlik holatlari aniqlansa, aybdor shaxslarni qonuniy javobgarlikka tortish hamda bu haqda jamoatchilikni rasmiy ravishda xabardor qilish.

 

Bizning maqsadimiz – ayblov qo‘yish emas, balki Milliy sertifikat tizimining sha’ni, adolati va ishonchliligini saqlashdir.

O‘qituvchilar jamoasi sifatida biz bu tizimda faqat bilim, halollik va xolislik ustuvor bo‘lishini istaymiz.

Hurmat bilan, O‘zbekiston Respublikasi kimyo fani o‘qituvchilari tashabbus guruhi

Bular judayam shubhali va aqlga sig’mas natijalar.

Test qismidan 90+ olish uchun kamida ekspert darajasida bo’lish kerak, lekin shunchalik bilgan inson yozma ish qismidan hech qachon 60 balldan kam olmaydi, ammo bular esa 40-45 olgan

Test qismidan 50balldan yuqori olgan ko’pchilik yozma ish qismidan 50+ oladi.

Ammo bu natijalar esa testdan 90 ball olib yozmadan 40+ olish alamli kulguli.

Bu ochiqdan-ochiq testni tarqalganidan dalolat.

Bu o’quvchilar asosan Toshkentdagj X markazning o’quvchilari, ularning barchasida shu holat. Markaz rahbari bilan tekshirish va ochiqlash uchun shu o’quvchilaringizga bitta xonada video yoqib hammaga ochiqlab test ishlatib ko’raylik o’zlariga ishonishsa qochishmaydi desak, ular qarshi chiqdi.

Shu shubhali o’quvchilardan 5-6 tasi tanlab o’rtacha darajadagi test bilan bir xonada kamerada hammani guvohligida bir ishlab ko’rsinchi, barchasi oshkor bo’lib ketadi.

Hozir ham shu markazda sichqonni ini ming tanga bo’lib qoldi’’, — deyiladi murojaatda.

 

Kimyo fani o‘qituvchilari milliy sertifikat sinovlari bo‘yicha norozilik bildirdi

Kimyo fani o‘qituvchilari milliy sertifikat sinovlari bo‘yicha norozilik bildirdi

Kimyo fani o‘qituvchilari milliy sertifikat sinovlari bo‘yicha norozilik bildirdi

 

Hozircha bu yuzasidan rasmiy munosabat berilmadi. Ta’lim xabarlari nashri mutasaddilar tomonidan beriladigan munosabatlarga ochiq.