Malaka toifasi test sinovlarida ishtirok etgan pedagoglar pedagog.uzedu.uz platformasidagi oʻz shaxsiy kabinetlari (akkauntlari) orqali onlayn shaklda apellyatsiya yuborishlari mumkin.
Apellyatsiya yuborish uchun “Apellyatsiyalarim” boʻlimiga kirib “Apellyatsiya yuborish” tugmasini bosish kerak boʻladi.
Hukumatning 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qaroriga muvofiq har bir pedagog test sinovi tugagan vaqtidan boshlab 10 kun muddatda appelyatsiya yuborishi mumkin.
Nizomga ko’ra, ariza (shikoyat) roʻyxatga olingan kundan boshlab oʻn kun muddatda, qoʻshimcha oʻrganishlar talab etilganda esa malaka toifasi sertifikatlari shakllantirilgunga qadar koʻrib chiqiladi.
Bunda apellyatsiya komissiyasi tarkibiga ishchi guruhlar tarkibidan aʼzo kiritilmaydi.
Murojaat etuvchi pedagog kadrlar apellyatsiya komissiyasi tomonidan murojaati koʻrib chiqilishi jarayonida bevosita yoki masofadan turib onlayn tarzda ishtirok etishi mumkin.
Qarorning 59-bandiga ko’ra, apellyatsiya komissiyasi pedagog kadrning attestatsiya jarayonlariga oid murojaatini koʻrib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
– pedagog kadrning toʻgʻri baholanganligi, oʻquv fani boʻyicha test va malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar, shuningdek, sinovlarni oʻtkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda, attestatsiya natijalarini oʻzgartirishsiz qoldirish;
– pedagog kadrning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi notoʻgʻri baholanganligi, oʻquv fani boʻyicha test yoki malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, attestatsiya natijalarini oʻzgartirish;
– oʻquv fani boʻyicha test yoki malaka sinovlarini oʻtkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, test sinovlarining qaytadan topshirilishini tashkil etish.
Apellyatsiya komissiyasi qarori nusxasi apellyatsiya komissiyasi qarori chiqqan kundan eʼtiboran besh kun muddatda vakolatli vazirlikning rasmiy veb-saytidagi murojaat etuvchi pedagog kadrning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.


