Prezident qarori (2024-yil 27-iyun,PQ-239-son)ga asosan endilikda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining sinf xonalarini ta’lim jarayonidan bo‘sh vaqtda kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tekin foydalanish huquqi bilan xususiy o‘quv markazlariga berishga ruxsat etiladi.
Bunda tegishli umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi, shuningdek, tekin foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma balansda saqlovchi va xususiy o‘quv markazi o‘rtasida tuziladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda 2024-yilda kamida 1 mingta umumiy o‘rta ta’lim muassasasining sinf xonalarini xususiy o‘quv markazlariga kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini amalga oshirish uchun tekin foydalanishga berish lozim.
Bunda sinf xonalarini ijaraga olgan xususiy o‘quv markazlari tomonidan tegishli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qiyotgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari bo‘lgan yuqori sinf o‘quvchilari, biroq o‘quv kurslarida tahsil oluvchilar umumiy sonining 20 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda bepul o‘qitiladi.