Endi maktablarda darslar qaysi mezon asosida taqsimlanadi?

Endi maktablarda darslar qaysi mezon asosida taqsimlanadi?

Avvalroq, joriy yil 28-oktyabrda MMTV, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining ‘‘Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida’’gi qarori qabul qilindi.

 

 

Unga koʻra, umumtaʼlim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida koʻrib chiqilib, har yili 15-sentyabrga qadar oʻqituvchilarga dars soatlari quyidagi koʻrsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi:

 

 

– oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra);

 

– dars beradigan fanidan pedagog xodimlarga ustama belgilashda qoʻllaniladigan milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega oʻqituvchilar (sertifikatning belgilangan darajasi va amal qilish muddatiga koʻra);

 

– birinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra);

 

– ikkinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra);

 

– oliy maʼlumotli toifasiz oʻqituvchilar;

 

– qayta tayyorlash boʻyicha diplomga ega oʻqituvchilar (oʻqituvchida qayta tayyorlash mutaxassisligi boʻyicha mazkur bandning ikkinchi – oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan koʻrsatkichlardan biri yoki bir nechtasi mavjud boʻlganda taalluqliligiga koʻra tegishli koʻrsatkichlar mavjud boʻlgan oʻqituvchilar bilan teng ustuvorlikka ega boʻladi);

 

– oʻrindoshlik asosida ishlayotgan oliy maʼlumotli oʻqituvchilar;

 

– oliy taʼlim muassasalarining pedagogika yoʻnalishi boʻyicha uchinchi va undan yuqori kurs talabalari;

 

– oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar oʻrta maxsus, professional maʼlumotga ega oʻqituvchilar (faqat boshlangʻich sinflarda dars beruvchi oʻqituvchilar uchun);

 

– oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar umumtaʼlim muassasasining tegishli mutaxassisligi boʻyicha rahbar xodimlari.

 

 

Boshlangʻich sinflarda oʻqitiladigan fanlar boʻyicha dars soatlarini taqsimlashda oʻqituvchilarning boshlangʻich taʼlim mutaxassisligiga egaligi yoki ushbu fanni boshlangʻich sinflarda oʻqitish metodikasi boʻyicha taʼlim olganligi inobatga olinadi.

 

 

Umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari qayta taqsimlanishi mumkin.