Maktab o‘quvchilarining kreativ fikrlashini baholash bo‘yicha PISA-2022 xalqaro tadqiqot natijalari e’lon qilindi. O‘zbekiston eng past ko‘rsatkichga ega davlatlar qatoridan joy oldi

15 yoshli maktab o‘quvchilarining kreativ (ijodiy) fikrlashini baholovchi PISA-2022 xalqaro tadqiqoti natijalarini e’lon qildi. Ushbu natijalar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan e’lon qilindi.

 

Natijalarga ko’ra, o‘quvchilar orasida kreativ fikrlash darajasi eng rivojlangan mamlakatlar ro‘yxatida Singapur, Janubiy Koreya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Estoniya va Finlyandiya turibdi. Bu mamlakatlarda o‘quvchilarning o‘rtacha bali (41 dan 36 ballgacha) bo‘lib, OECD o‘rtacha darajasi (33 ball)dan yuqori. Bu davlatlar PISA-2022 asosiy tadqiqotida ham yetakchilik qilgandi.

 

Kreativ fikrlash bo‘yicha eng yomon ballni Dominikan Respublikasi, Marokash (15 ball), O‘zbekiston, Filippin (14 ball) va Albaniya (13 ball) ko‘rsatdi. Shuningdek, 2023-yilning dekabrida asosiy yo‘nalishlari bo’lgan – matematika, o‘qish savodxonligi, tabiiy fanlar bo’yicha natijalar e’lon qilingan edi. Unga ko’ra, o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari oxirgi o‘ntalikka kirgan edi.

 

Singapur, Latviya, Janubiy Koreya, Daniya, Estoniya, Kanada va Avstraliya kabi mamlakatlarda o‘quvchilarning 88% dan ortig‘i kreativ fikrlashda bazaviy (3-daraja) va undan yuqori darajaga erisha oldi (OECD o‘rtacha bahosi 78%). O‘zbekistonda 3 va undan yuqori darajaga erishgan o‘quvchilar ulushi 16,5% ni tashkil etdi. Kreativ fikrlashda O‘zbekistondagi o‘quvchilarning eng katta qismi (61,3%) 1 va undan past natijani qayd etgan.

 

Umumiy olganda, qizlar kreativ fikrlashda o‘g‘il bolalarga qaraganda yaxshi natija ko‘rsatgan. Qizlar uchun o‘rtacha ball 34, o‘g‘il bolalar uchun 31 (O‘zbekistonda mos ravishda 15 va 14) ballni tashkil etdi. OECD ma’lumotlariga ko‘ra, qizlarning o‘rtacha 82 foizi va o‘g‘il bolalarning 75 foizi kreativ fikrlashning bazaviy darajasiga erishgan (O‘zbekistonda mos ravishda 17,9 foiz va 15,1 foiz).

 

O‘zbekistonda nafaqat turli jinsdagi o‘quvchilar, balki turli ijtimoiy-iqtisodiy maqomga ega bo‘lgan oilalar farzandlarida ham minimal farqlar qayd etilgan. OECD ma’lumotlariga ko‘ra, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan o‘ziga to‘q oilalar o‘quvchilari kam ta’minlangan oilalardagi tengdoshlariga qaraganda o‘rtacha 10 ball ko‘proq to‘plagan bo‘lsa, O‘zbekistonda bu farq atigi 3 ballni tashkil etadi.

 

Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, yuqori natijalarni qayd qilgan mamlakatlar o‘z o‘quv dasturlariga o‘quvchilarning kreativ fikrlashdagi yutuqlarining aniq ko‘rsatkichlarini ishlab chiqqanini va o‘quvchilarni kreativ fikrlashni talab qiladigan turli loyihalarga jalb qilganini ta’kidlamoqda. Shuningdek, o‘quvchilarni sinfdan tashqari samarali mashg‘ulotlarga jalb qilish ham tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

Ma’lumot uchun, kreativ fikrlashni baholashda qo‘llanadigan test topshiriqlarini OECD veb saytidan (o‘zbek, rus va boshqa tillarda mavjud) topish mumkin.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры