‘‘Hozircha epidemik vaziyat barqaror, shu bois maktablarda yoppasiga niqob taqish zarurati yoʻq’’ — SSV

‘‘Hozircha epidemik vaziyat barqaror, shu bois maktablarda yoppasiga niqob taqish zarurati yoʻq’’ — SSV

Ijtimoiy tarmoqlarda 30-oktyabrdan boshlab Toshkent shahridagi maktablarda tibbiy niqob taqish tartibi joriy etilishi bilan bogʻliq xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rasmiy munosabatini bildirdi.

 

 

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Atabekov bu masalaga quyidagicha oydinlik kiritdi:

 

‘‘Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu masala notoʻgʻri talqin qilinmoqda. Avvalo, ularda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining shu yil 26-sentyabrdagi qarori asos qilib koʻrsatilyapti. Hujjat sanasiga eʼtibor bering: u sentyabr oyida imzolangan.

 

Aslida, har yili mavsumiy oʻtkir respirator kasalliklar va gripp avj olishidan oldin bu kabi qarorlar qabul qilinib, joylardagi muassasalarga tegishli tavsiyalar berib kelinadi’’.

 

Ta’kidlanishicha, qarorda epidemik vaziyat murakkablashganda tibbiy niqob taqish belgilangan. Hozir epidemik vaziyat barqaror, shunday ekan, maktablarda yoppasiga niqob taqish zarurati yoʻq. Agar guruhda kasallangan bolalar boʻlsa, oʻsha bemor bilan muloqotga kirishish ehtimoli bor joylardagina niqob taqish tavsiya etiladi.

 

‘‘Havo-tomchi yoʻli bilan yuqadigan kasalliklarda imkon qadar ijtimoiy masofa saqlash va muloqot davrida niqobda boʻlish maqsadga muvofiq.

 

Hujjatda aytib oʻtilgan tibbiy niqob taqish tartibi joylarda vaziyatga qarab hal qilinadi. Buni zinhor yoppasiga shunday tartib joriy qilinyapti, deb talqin qilmaslik kerak’’, — deyiladi munosabatda.

 

Shu maʼnoda, mazkur qarorga joylardagi epidemik vaziyat qay darajada murakkab yoki murakkab emasligidan kelib chiqib, tegishli chora qabul qilish uchun moʻljallangan odatiy hujjat sifatida qaralishi zarur.