Toshkentda “Naqsh” hunarmandchilik maktabi ochildi. Bu haqda Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva telegram sahifasida ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, bu loyiha Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Britaniyaning eng qadimiy an’anaviy san’at maktabi — King jamg‘armasi (KFSTA) bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.
‘‘KFSTA ko‘p yillardan buyon dunyoning turli burchaklaridan kelgan ustalarga me’morchilik, naqsh, xattotlik va amaliy san’at sirlarini o‘rgatib kelayotgan maskandir. Endilikda bu boy tajribadan O‘zbekistonda ham bahramand bo‘lish imkoni paydo bo‘lmoqda.
“Naqsh” maktabining birinchi o‘quv yili besh kursdan tashkil topadi. Dastlabki mashg‘ulotlar Toshkentda, 2-bosqich Samarqandda — Ulug‘bek madrasasida o‘tkazilib, talabalar XV asr yodgorliklari misolida islom san’atiga oid naqshlarni o‘rganadilar.
Qadimiy hunarlar zamon bilan hamnafas bo‘layotgani, ustalar esa ularni avloddan avlodga yetkazish uchun ilhom olayotgani quvonarli hol’’, — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.



