Kirish imtihonlarida (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezidenti granti beriladi.
Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakliga kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra, ta’lim olish tilidan qat’i nazar, respublika bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlarning 200 nafari Prezident grantiga da’vogar bo‘ladi.
Ushbu granti uchun ajratilgan kvotaning ta’lim sohalari bo‘yicha taqsimoti har yili o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Prezident granti kvotasi bo‘yicha so‘nggi o‘rindagi abituriyent va u bilan bir xil ball to‘plagan barcha fuqarolar Prezident grantiga da’vogar bo‘ladi.
Prezident grantiga da’vogar bo‘lgan abituriyentlar davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Nizomga ko‘ra:
– Prezident granti sovrindorlari birinchi kursda barcha fanlarni “a’lo” baholarga o‘qigan, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida yutuqlarga erishgan talabalar orasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Respublika oliy ta’lim kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov asosida aniqlanadi;
– g‘olib bo‘lgan talabalarga Prezident davlat stipendiyasi tayinlanadi va ikkinchi kursning o‘quv yili boshidan oyma-oy to‘lanadi. Shuningdek, grant sohiblariga umumiy shartlarda belgilanadigan stipendiya tayinlanmaydi;
– o‘quv semestri yakuniga ko‘ra kamida bitta fandan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “a’lo” baho bo‘lmaganda, Prezident granti talabalariga kelgusi o‘quv semestri mobaynida umumiy tartibda belgilanadigan stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi;
– navbatdagi o‘quv semestri yakuniga ko‘ra barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho bo‘lganda, Prezident granti uchun belgilangan stipendiya qayta tayinlanadi va to‘lab boriladi.
Eslatma! O‘qishga kirishda qo‘shimcha ball shaklida imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning imtihonda to‘plagan baliga qo‘shib berilgan ballar Prezident grantiga da’vogarlarni aniqlashda hisobga olinmaydi.
Shuningdek, o‘qish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos va turdosh mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.