“Ko‘p o‘qish emas, to‘g‘ri o‘qish muhim” – attestatsiyada 100 ball olgan o‘qituvchi bilan suhbat

“Ko‘p o‘qish emas, to‘g‘ri o‘qish muhim” – attestatsiyada 100 ball olgan o‘qituvchi bilan suhbat

Bugungi kunda o‘qituvchilik kasbi nafaqat bilim berish, balki jamiyat tafakkurini, ma’naviyatini va istiqbolini shakllantiruvchi eng muhim sohalardan biri sifatida e’tirof etiladi. Har bir fidoyi ustozning o‘ziga xos tajribasi, hayotiy saboqlari va yutuqlari boshqalarga ilhom manbai bo‘lishi shubhasiz.

 

 

Shunday fidoyilardan biri — Shohro‘z Mo‘minzoda, “Sevimli” telekanali muharriri, fors tili o‘qituvchisi va o‘zbek tili fanidan  attestatsiyada 100 ballik natijaga erishgan pedagog. U nafaqat telejurnalistika sohasida, balki ta’lim yo‘nalishida ham o‘zining izlanishlari, mehnatsevarligi va ijodkorligi bilan ko‘plarga namuna bo‘lib kelmoqda.

 

 

Quyidagi suhbatda Shohro‘z Mo‘minzoda o‘zining kasbiy shakllanish yo‘li, attestatsiya jarayonidagi tajribalari, o‘qituvchilikka bo‘lgan qarashlari hamda yosh pedagoglarga bergan samimiy maslahatlari bilan o‘rtoqlashdi.

 

 

Iltimos, o‘zingizni qisqacha tanishtirib o‘tsangiz. Qayerda ishlaysiz va necha yildan beri o‘qituvchisiz? Hozirgi faoliyatingiz haqida gapirib bersangiz.

 

 

Shohro‘z Mo‘minzoda – “Sevimli” telekanali efir bo‘limi muharriri. Telegram va instagramda fors tilidan tekin va pulli darslar o‘taman, asosiy daromadim shu hozir.

 

 

Sizningcha, bugungi o‘zbek tili o‘qituvchisi qanday bo‘lishi kerak?

 

 

Men o‘zbek tili yoki ona tili va adabiyot fanlarining ustozlarini davlat tiliga hurmati bo‘lgan, kamida 3 ta tilni yaxshi biladigan hamda huquqiy savodxonligi baland bo‘lishi kerak deb hisoblayman.

 

 

Attestatsiyaga tayyorgarlikni qachondan va qanday boshlagansiz?

 

 

Men hayotimda faqat o‘qishga kirish uchun tayyorgarlik qilganman xolos. Bizda bakalavr ta’limi va undagi muhit nihoyatda kuchli bo‘lgan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Klara Mavlonova, Iroda Azimova, Zulxumor Mirzayeva, Komil Jalilov, Ilhom Aslonov, Damegul Arapbayeva kabi ustozlardan metodika, pedagogika va psixologiya kabi turli fanlarda ta’lim olganmiz.

 

 

Kelgusida shu ustozlarning o‘zlari o‘rta ta’lim maktablariga darslik tuzib berishgan. Bizning avlod esa, ya’ni shu universitetning “O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish” fakultetida 2021-yilgacha tahsil olgan talabalar ta’lim maydonida o‘ziga xos o‘rinni egallashdi. Bir kursdoshim, Shokir Tursun, maktab darsliklari hammualifi bo‘lsa, boshqasi maktabdagi darsliklarning mashq daftarlari muallifi; kamina esa o‘zingizga ma’lumki, yuz ballni “urib chiqqanman”.

 

 

Kunlik yoki haftalik tayyorlanish rejangiz qanday edi?

 

 

Fors tilidan repetitorlik qilishim haqida yuqorida aytib o‘tdim. Maxsus guruhimda yozilgan talabgorlardan birim, Eldorjon Diyorov, Ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikati borligini aytgandi. Barcha ko‘nikmalardan eng yuqori ballni to‘plagan ekan. Bundan 1 yil oldin men u bilan kelishuv qildim, haftaning toq kunlari u mening fors tili darsimga qatnashadi, juft kunlari men uning darslariga qatnashaman. Shu usulda ikkalamiz bir-birimizni to‘ldirib borar edik.

 

 

Grammatikani takrorlashda sizga eng foydali bo‘lgan usul qaysi edi?

 

 

Men bir semestr davomida oliy ta’limda o‘zbek tilining tarixiy grammatikasi fanidan dars berganman. Shuning hisobiga grammatika ilmiy hayotimning bir parchasi. Fors tilini o‘rgatar ekanman, avvalo, o‘zbek tili grammatikasi bilan muntazam solishtirib beraman. Bu usul grammatikani umuman esimdan chiqarmaslikka asosiy sababdir.

 

 

Attestatsiya jarayonida siz uchun eng murakkab mavzular yoki yo‘nalishlar qaysilar bo‘ldi va ularni qanday o‘zlashtirdingiz?

 

 

Morfemika mavzusida oqsayman. Men tojik oila farzandiman, maktabni ham tojik tilida o‘qiganman. Universitetga kirguncha o‘zbek muhitida bo‘lmaganman desam ham bo‘ladi. Menga “-y” so‘z yasovchi qo‘shimchasining shakldoshi qaysi vazifada ishlatiladi desangiz, miyamda bo‘shliq paydo bo‘ladi, “tormoz”. Ammo eng g‘o‘r abituriyentlar ham morfemikadan qiynalmaganini ko‘rib, bu mening millatim o‘zbek bo‘lmaganidan bo‘lsa kerak degan xulosaga kelgan edim.

 

 

Test yechishda o‘zingiz uchun qanday strategiyani ishlab chiqqansiz?

 

 

Qanchalik ko‘p test yechsangiz, ko‘zingiz shu darajada o‘tkirlashib boraveradi. Shuning barobarida noto‘g‘ri javoblarning noto‘g‘riligini lahzaliik isbotlab borish to‘g‘ri javob haqida oson xulosa qilishga yordamlashadi. Men aynan shu usuldan foydalanganman.

 

 

“Ko‘p o‘qish” va “to‘g‘ri o‘qish” o‘rtasidagi farqni o‘z tajribangizda qanday ko‘rgansiz?

 

 

Talabalik yillarimda bir muddat nashriyotda ishladim. Har kuni kitob o‘qir edim, ammo menda hech qanaqa yuksalish bo‘lmas edi. Chunki men u yerda ish – pul topish uchun mehnat qilayotgan edim xolos. To‘g‘ri o‘qish bu ilm jarayoni, u ham qachondir yaxshigina pul keltiradi, ammo u pul olish uchun olinmaydi, balki ilm insonni o‘z-o‘ziga kashf etib berish uchun olinadi.

 

 

Imtihon kuni hayajonni qanday yengdingiz?

 

 

Bu mening ikkinchi imtihonim edi. Magistr ekanligim tufayli menga shundoq ham 2-toifa berilgan edi. Birinchi imtihonda 94 ball bilan 1-toifani egallagan edim. Ikkinchi imtihonda 80 balldan yuqori olsam, oliy toifa bo‘lishimni, bu ballni oson qo‘lga kiritishimni bilar edim. Men aynan 100 ball olish uchun kirgandim imtihonga. Buning hayajonini faqat 100 ball olish uchun kirayotganlar his qiladi, uni yengib bo‘lmaydi. Odatiy hayajon esa yo‘q edi.

 

 

Test jarayonida vaqtni to‘g‘ri boshqarish uchun qanday usul foyda berdi?

 

 

Bu savolingizga qisqa qilib, testni 18 daqiqada yechib chiqqanimni aytish bilan cheklanaman.

 

 

Sizningcha, aynan nima bu natijaga erishishga sabab bo‘ldi?

 

 

Ijodkorlik. Bir kuni o‘quvchilarimdan biri “Mening orzum duradgor usta bo‘lish” dedi. Sinfda kulgi ko‘tarildi. Men shu gaplarni aytgandim:

 

 

Kuladigan gap emas. To‘g‘ri aytyapti. Hokim, prokuror, rektor, prezident va shu kabilarni orzu qilish kerak emas. Jamiyatga cho‘pon ham, qassob ham ular darajasida kerak. Gap kim bo‘lishda emas, eng zo‘ri bo‘lishimizda, – dedim. Shunda o‘quvchilardan biri “Siz eng zo‘rimisiz?” dedi.

 

 

Men esa “Chet tilidan va ona tilidan sertifikatlar hamda oliy toifa olganimda bu savolingizga javob bersam, adolatdan bo‘ladi”, degan edim. Bolalar-ku sinfdan chiqishlari bilan bu gapni unutishgandir, ammo men ularga chin ma’noda ustozlik qilish uchun so‘zimda turishim kerak edi. Men ustozlik so‘zimning ustidan chiqdim xolos.

 

 

Attestatsiya jarayonida o‘qituvchilar ko‘p uchraydigan xatolar qaysilar deb o‘ylaysiz va siz ularni qanday yengdingiz yoki oldini oldingiz?

 

 

Testning manbasi g‘ayb olami emas, balki o‘zimiz dars berayotgan darslik ekanligiga ishonmaslik. Bilmadim nega, lekin o‘qituvchilarning ko‘pi testning javobi 4 variantning ichida bo‘lishiga va savollarning 35 tasi maktab darsligidan olinganiga ishonishmaydi. Sababi darslikni bir boshdan o‘qib chiqishmaydi. Men avgust oyida o‘quv yili boshlanmasidan barcha o‘zbek tili darsliklarini o‘qib chiqqan edim.

 

 

Attestatsiyaga hozir tayyorlanayotgan o‘qituvchilarga qanday amaliy maslahat berasiz?

 

 

Magistr darajasi bo‘lganlar uchun PhD ilmiy darajasi olib, oliy toifani umrbodga egallashni tavsiya qilaman. Magistr bo‘lmaganlar haqida nimadir deyolmayman.

 

 

Sizningcha, testda faqat bilim yetarlimi yoki psixologik tayyorgarlik ham zarurmi?

 

 

Odamda bilim bo‘lsa, bular haqida o‘ylab ham o‘tirmaydi, o‘ziga yarasha mashq qiladi, albatta, lekin psixologik tayyorgarlik haqida o‘ylash-o‘ylamasligini bilmadim. Imtihondan bir kun oldin mehmonxonada yotib qolganman, oilamizda bolalar ko‘p, shovqindan qochganman, balki shu ham psixologik tayyorgarlikdir.

 

 

Attestatsiya sizning kasbiy o‘sishingizda qanday o‘rin tutdi?

 

 

Roppa-rosa bir yilda oliy toifali o‘qituvchi bo‘ldim. O‘qituvchilar xonasida menga maktabda dars bergan ustozlar eng yuqoridan joy beradigan bo‘lishdi. Hokimimiz va viloyat boshqarmasi boshlig‘i chaqirib tabriklashdi, sovg‘alar berishdi. Oylik maoshim oshirildi.

 

 

Siz uchun 100 ball — bu maqsadmi yoki yangi bosqichning boshlanishimi?

 

 

Siz ingliz tilini o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, dunyodagi millionlab darsliklardan istaganingiz bilan tayyorlanasiz va yagona xalqaro tizimlashtirilgan dasturga imtihon topshirib, o‘ta olishingiz mumkin-ku. Endi tayanch doktoranturada ilmiy ishimni o‘zbek tilini o‘zbekistonlik qardosh millat vakillariga o‘qitish metodikasi bo‘yicha yoqlamoqchiman. Mening keyingi maqsadim pedagogika fanlari doktori bo‘lib, o‘z darsliklarim orqali ilm ulashish.

 

 

Siz bilan bir xil yoshdagi yoki endi faoliyat boshlayotgan o‘qituvchilarga qanday maslahat berasiz?

 

 

Ustozlik mas’uliyatiga dosh berishga ko‘zingiz yetsa, birovning vaqtdagi haqqiga xiyonat qilmasligingizga ishonsangiz, kelajakda nega shu sohani tanladim deb o‘zingizga minnat qilmaslikka va’da berolsangiz, mayli, ishlayvering. Maktab staj orttirib, davlat organiga o‘tib ketadigan bekat emas. Maktab – milliy mustaqilligimizning asosi.