“Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, quyidagilar davlat tilini yanada rivojlantirishning asosiy maqsadlari hisoblanadi:
– mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanishga erishish;
– ta’lim tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish;
– davlat tilining sofligini saqlash va uning lug‘at boyligini muntazam oshirib borish;
– davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash, bu borada sun’iy intellekt imkoniyatlaridan unumli foydalanish;
– davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
– mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarimizning davlat tilini o‘rganishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.
Qarorda 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026-yillarda amalga oshirish dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlanishi aytilgan.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvardan boshlab respublika darajasidagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilishi belgilandi.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 2026-yildan boshlab:
– ta’lim qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha darsliklarning davriyligi asosida yangi avlodini yaratish;
– maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha pedagoglar uchun o‘quv qo‘llanmalarni ishlab chiqish;
– maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar uchun “Mening ilk izohli lug‘atcham” rasmli lug‘at kitobini yaratish;
– bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha zamonaviy animatsion video va audio mahsulotlar ishlab chiqilishini tashkil etish vazifasi yuklatildi.
Fanlar akademiyasi esa:
– 2026-yil 1-iyunga qadar ko‘p jildli “O‘zbekiston milliy qomusi”ni elektron shaklda tayyorlash va e’lon qilish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
– 2026-yil 1-dekabrga qadar “Ona tili. Qomus” kitobining nashrga tayyorlanishi va chop etilishini ta’minlaydi.
