Ijtimoiy tarmoqlarda 30 yoshli shaxs Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidagi maktablardan biriga kelib, o‘quvchilardan birini “samosud” qilgani haqida xabarlar tarqaldi.
U bu ishni o‘quvchi singlisiga hazillashgan bolani jazolash maqsadida amalga oshirgani aytilmoqda.
Holatga Bolalar ombudsmani rasmiy munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, 16-may kuni Past Darg‘om tumani IIBga 2009-yilda tug‘ilgan bolaning tan jarohati olganligi haqida uning onasidan ariza kelib tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha, bola tumandagi 20-maktabning 9-sinfida ta’lim oladi. U shu maktabning 6-sinf o‘quvchisiga sevgi izhor qilgan, so‘ng qizning akasi bundan xabar topgan. Qizning akasi 15-may kuni bolaga tan jarohati yetkazgan.
Xabarda tergov davomida voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan boshqa g‘ayriqonuniy harakatlarga huquqiy baho berilayotgani, qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilingan.
Holat yuzasidan Past Darg‘om tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.