18 yoshli Zak Yadegari texnologiya dunyosida yangi emas. U yoshligidan ilova yaratish orqali pul topgan.
O‘smirlik davrida kichik loyihalar sifatida boshlagan ishlari bugun yirik biznesga aylangan. U yaratgan Cal AI ilovasi foydalanuvchilarga ovqat suratini tushirish orqali kaloriyani hisoblash imkonini bergan. Bu g‘oya Yadegariyning shaxsiy fitness tajribasidan kelib chiqqan. Hozirda loyiha yiliga 30 mln AQSH dollari miqdorida daromad keltirmoqda.
Fitnessdan ilovagacha
Zak Yadegari yoshligidan ozg‘in bo‘lib, vazn orttirishni xohlagan. U dietaning katta rolini tushunib, kaloriyalarni kuzata boshlagan. Ammo bor ilovalar unga qulay bo‘lmagan. Unda do‘stlari bilan ovqatlanish yoki restoranga borish imkoniyati cheklangan edi.
“Bu maktab o‘quvchisi uchun umuman barqaror emas edi”, — deydi u.
Shu sabab, kodlash ko‘nikmalaridan foydalanib, o‘z ilovasini yaratishga qaror qilgan. 2024-yil may oyida u Genri Langmak, Bleyk Anderson va Jeyk Kastillo bilan birga Cal AIni ishga tushirgan. TikTok’da reklama qilish va influencerlar bilan hamkorlik tezkor o‘sishga olib kelgan. Bugun jamoada 30 dan ortiq xodim bor.
Dasturchilikka ilk qadamlar
Zak Yadegari 7 yoshida kod yozishni o‘rgangan, 10 yoshida esa soatiga $30 evaziga dars bera boshlagan. 12 yoshida ilk ilovasi — Speed Soccerni App Store’da chiqargan. Keyin esa Totally Science nomli o‘yin sayti orqali katta daromad topgan: sayt 5 million foydalanuvchiga yetib, oyiga $60 ming reklama daromad keltirgan.
Uni 16 yoshida $100 ming dollarga sotib, keyin ilovalar yaratishga jiddiy kirishgan.
Kollej va yangi g‘oyalar
U kollejga borishni shart deb bilmagan, ammo baribir o‘qishga qaror qilgan. Hozir mutaxassisligini tanlamagan, falsafa darslariga qatnashadi. Tadbirkorlik kursini ham olgan, biroq “undan ko‘p narsa olmayapman”, deydi u.
“Men hech qachon kollej tarafdori bo‘lmaganman. Har kim bir xil yo‘lni bosishi kerak degan fikrdan nafratlanardim”, — deydi Zak.
Hozir u Mayamida tengdosh tadbirkor do‘stlari bilan yashaydi. Ular birgalikda “App Mafia” brendi ostida hamjamiyat yaratib, internetda ilova yaratishni o‘rgatuvchi kontent ishlab chiqmoqda.
“Biz Gen Z yaratuvchilarining old qatorida bo‘lishni va kelajakni shakllantirishda faol ishtirok etishni maqsad qilganmiz”, — ta’kidlaydi u.

